O‘zbekiston: mobil telefon operatorlari ommaviy sms-lar yo‘lini to‘sadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи gazeta.uz
Image caption O‘zbekistondagi mobil telefon operatorlari bir vaqtda sms-xabarlarni to‘xtatish tajribasiga ega

Rossiyada nashr etiluvchi "RBK daily" nashriga ko‘ra, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi mamlakatdagi uyali telefon shirkatlaridan "shubhali" ko‘rilgan sms yozishmalar haqida agentlikni xabardor qilishni so‘ragan.

"RBK daily" xabar qilishicha, hukumatning bu haqdagi rasmiy ko‘rsatmasini uyali telefon shirkatlari 14 mart kuni olganlar.

Ro‘znomaning bildirishicha, agentlik internet xizmati ko‘rsatuvchi operatorlarga ham ijtimoiy tarmoqlarni davomli kuzatib borishni topshirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi respublikadagi operatorlarni hukumatning birinchi talabi bilan uyali aloqa xizmatini o‘chirishni talab qilgani haqida yozgan "RBK daily".

Ushbu qadam Yaqin Sharq mamlakatlarida hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini tashkil etishda Facebook, Twitter ijtimoiy tarmoqlari, mobil telefonlardan nomalar yo‘llashdan faol foydalanilgani ortidan qo‘yilmoqda.

Ro‘znoma muxbiri, maqola muallifi Yelizaveta Serginaning BBCga aytishicha, ushbu xabarni O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manba tasdiqlagan.

"Men bu haqda xabar yetkazgan manbani oshkor eta olmayman. Xabar, albatta, rasman tasdiqlangani yo‘q. Lekin O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlaridagi manbamiz, shuningdek, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manbalar bu xabarni tasdiqlashdi. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan uyali aloqa operatorlari bu haqda rasman xabar berishga tayyor emaslar. Chunki Rossiya operatorlari Markaziy Osiyo respublikalarida murakkab sharoitda biznes yuritishlarini yaxshi bilishadi. Yaqinda MTS shirkatining Turkmanistonda faoliyati to‘xtatilgani bunga yaqqol dalil deb aytish mumkin", deb aytdi Yelizaveta Sergina.

MTS shirkatining O‘zbekistondagi maxsus vakili BBC bilan suhbatda, respublikada sms xabarlar ustidan nazorat kuchaytirilayotgani haqidagi xabarni tasdiq ham, inkor ham etmadi.

Toshkentlik inson huquqlari himoyachisi Suhrob Ismoilovning fikricha, O‘zbekiston hukumati sms xabarlarni nazorat ostiga olmoqda, degan xabar bejiz emas.

"Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hodisalarni O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari yoritmadi. Undan keyin Toshkentdagi tadbirlardan birida veb-sahifalar mazmunini davlat tomonidan nazorat qilish zarurligi masalasi keng muhokama etildi", deydi Suhrob Ismoilov.

Avvalroq respublikadagi FM radiostantsiyalar xodimlariga qaysi xorijiy mamlakatlar elchixonalari bilan aloqada bo‘lganlari haqida xabardor etish buyrug‘i berilgani xabar qilingan.

O‘zbekistondagi mobil aloqa xizmatini ko‘rsatadigan shirkatlarning u yoki bu xizmat turini to‘xtatib qo‘yishlari shu paytgacha ham uchragan.

Mamlakatda hokimiyat talabi bilan har yili 1 avgust - abituriyentlarning test sinovini topshiradigan kuni barcha operatorlar bir necha soat mobaynida sms xabar xizmatini to‘xtatib qo‘yadilar.