O‘zbekiston aholisining soni va ahvolini o‘rganishga kirishmoqchi

Image caption O‘zbekiston o‘z xalqning soni bilan barobarida ahvolini ham o‘rganmoqchi

O‘zbekiston o‘z aholisining soni va ahvolini o‘rganish uchun nisbiy statistik tadqiqotlarni boshlamoqchi.

O‘zbekistonda chop etiluvchi Gazeta.uz internet sahifasining xabar berishicha, aholini nisbiy ro‘yxatga olish ishlari 21 martdan 30 aprelgacha bo‘lib o‘tadi.

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining bu xususdagi qarori 14 mart kuni prezident Islom Karimov tomonidan imzolangan.

Bundan asosiy maqsad - O‘zbekistonning hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi alohida dasturlarni ishlab chiqish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun aholining aniq soni va boshqa demografik ko‘rsatkichlarni aniqlash ekani aytilmoqda.

Ekspertlarga ko‘ra ham bu kabi amaliyot aholini to‘liq ro‘yxatga olishdan ko‘ra ko‘proq mamlakatdagi iqtisodiy sharoit va xalqning turmush tarzini o‘rganish uchun olib boriladi.

Ular O‘zbekistondagi haqiqiy iqtisodiy, siyosiy ahvolni bilish va shunga qarab, islohotlar yo‘nalishini aniqlash uchun uchun bu kabi tadqiqotlar nihoyatda muhim ekanini urg‘ulashadi.

"Agar fuqarolarning daromadlari oz bo‘lib, ahvollari yomon bo‘lsa yoki pullari ozligidan o‘z tijoratlarini yurita olmayotgan bo‘lishsa, bundan ularning olib borayotgan islohotlarga qanchalik ishonishlarini bilib olish mumkin bo‘ladi," deydi o‘z vaqtida o‘zbekistonlik mustaqil ekspert Alisher Taksanov.

O‘zbekistonlik ekspert, o‘z o‘rnida, ushbu sa‘y-harakatlarga bugun Arab dunyosida kechayotgan voqealarning ta‘siri bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi.

"Ular Liviya va Tunis kabi nisbatan farovon, O‘zbekiston bilan solishtirganda, aholining turmush tarzi ancha farovon bo‘lgan davlatlarda ham xalqning noroziligi bo‘y ko‘rsatishi mumkinligiga guvoh bo‘lishdi. Shuning uchun ham, hukumat O‘zbekistondagi haqiqiy ahvoldan to‘lig‘icha xabardor emasligiga oid fikrga kelib, bu kabi tadqiqotga qo‘l urayotgan bo‘lishi mumkin," deydi u.

Rasman bildirilishicha, nisbiy statistik tadqiqotlar aholining 10 foizini qamrab olgan holda O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlarida olib boriladi.

O‘zbekiston Davlat Statistika qo‘mitasi tomonidan tanlangan tadqiqotga tushajak aholi punktlari va mahallalarning yakuniy ro‘yxati esa, 25 martgacha tasdiqlanadi.

Fuqaroligidan qat‘inazar, o‘sha hududlarda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lganlar bilan birga, vaqtinchalik muhojiratda bo‘lganlar ham ro‘yxatga olinadi.

Mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat va siyosiy ta‘qiblar sabab, o‘tgan 20 yil davomida millionlab o‘zbekistonliklarning muhojiratga yuz tutganliklari aytiladi.

Har bir oila a‘zosi tomonidan to‘ldirilishi shart bo‘lgan rus va o‘zbek tillaridagi anketa 12 savoldan tashkil topgan.

Xabarlarga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari statistika idoralari xodimlari, oliy o‘quv yurtlari, litseylar, kollejlar va maktablarning o‘qituvchilari ham o‘quvchilari tomonidan olib boriladi. Va kuniga 50 kishi so‘rovga tutiladi.

Ammo ro‘yxatga olish jarayoni ichki ishlar yoki mahalliy fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish idoralari vakillari hozirligida olib boriladi. Ularning hujjutlari esa, tekshirilmaydi.

Nisbiy statistik tadqiqot natijalarini 1 iyul kuniga tayyor qilish rejalanayotgani aytiladi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mazkur jarayonni moliyalash uchun hukumatning zaxira jamg‘armasidan 842.2 million so‘m ajratilgan.

2010 yilgi raqamlarda O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 28.233 ming kishini tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekistonda aholini to‘liq ro‘yxatga olish ishlari esa, so‘nggi bor hali Sho‘rolar davrida, 1989 yilda olib borilgan.

Orada kechgan 20 yildan ortiqroq vaqt davomida bu ishga qo‘l urilmagani sababini ayrim kuzatuvchilar buning uchun katta mablag‘ lozim bo‘lishi bilan ham izohlashadi.

Ammo aholini to‘laqonli ro‘yxatga olish O‘zbekiston hukumatining xalqning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid rasmiy ma‘lumotlarini savol ostiga qo‘yishi mumkinligini aytayotgan kuzatuvchilar ham yo‘q emas.