Toshkentda Giyloniy bilan 'terrorizm masalasi ham mubohasa etiladi'

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Toshkentda Giyloniyni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev kutib olgan.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo Giyloniy O‘zbekistonga ikki kunlik safarini boshladi. Toshkentda uni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. O‘zbekistonga jo‘nab ketish oldidan muxbirlarga gapirgan Bosh vazir Giyloniyga ko‘ra, rasmiy safardan maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik munosabatlarni qayta jonlantirishdir. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng Pokiston bilan iqtisodiy va tijoriy aloqalar jonlangan, lekin bir oz o‘tib, yana pasaygani kuzatilgandi. Biz Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kuzatib keluvchi Pokistonda chop etiladigan Doun gazetasi muxbiri Ittisham Ul Haqdan Bosh vazir safari haqida so‘radik:

Ittisham Ul Haq: Pokiston rasmiylari safardan asosiy maqsadlarni ikki tomonlama tijorat, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahakamlash, deya taqdim qilishmoqda. Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga intilmoqda. Bu Bosh vazir Giyloniyning O‘zbekistonga birinchi safaridir. Lekin, yuqorida aytilgan maqsadlar bilan birga mintaqadagi terrorizm xavfini muhokama qilish ham kun tartibidan o‘rin olgan. Pokiston bu masalada xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilib kelmoqda va O‘zbekiston tomoni bilan ko‘rib chiqiladigan mavzular orasida ham bu asosiylaridan biri bo‘ladi. Bilasizki, Pokistonda ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra yuzlab, boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra esa, minglab o‘zbek jangarilari borligi aytiladi. Pokistonda qachon jangarilar haqida gap ketsa, toliblar bilan birga faoliyat olib borayotgan o‘zbek jangarilari masalasi ham chiqib keladi.

BBC: Ikki tomon bu masalani muhokama qilgan vaqtlari mavqe‘lari qanday? Fikrlar bir yerdan chiqadimi yoki bir-birlarini ayblash hollari ham bormi?

Ittisham Ul Haq: Ijobiy tomoni shuki, ikkala tomonning ham bu borada fikri o‘xshash va ular buni umumiy xavf sifatida ko‘radilar. Ikkala tomon ham bu kabi amallarga xoh O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh Pokistonda alohida shaxslar va alohida tashkilotlar qo‘l urayotganligi haqida hamfikrlar. Ya‘ni, aytmoqchi bo‘lganim, bu masalada ikki o‘rtada ishonchsizlik yo‘q. Xabarlarga ko‘ra, bu amaliyotlarga qarshi kurashni rasmiylashtirish yo‘lida biron hujjat imzolash ham nazarda tutilgan.

BBC: Pokiston Bosh vaziri safari kun tartibida iqtisodiy-tijoriy masalalar ustunroqmi yo-da, terrorchilik va jangarilar masalasimi?

Ittisham Ul Haq: Menimcha, bu ikki masala ham kun tartibida yuqori o‘rinda. Pokiston mintaqa bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida biron strategiya ishlab chiqishga urinmoqda. Lekin, terrorizm masalasi ham o‘ta muhim. Pokiston uchun bu juda katta muammolar tug‘dirmoqda. Ma‘lumotlarga ko‘ra, 11 - sentyabr hujumlaridan so‘ng, Pokiston 46 milliard dollar yo‘qotgan. Sarmoyadorlar kelmay qo‘yishgan. Pokiston Bosh vaziriga shaxsiy ishbilarmonlar ham hamrohlik qilmoqdalar, ular O‘zbekistondagi biznes vakillari bilan uchrashib, aloqalar o‘rnatishga harakat qiladilar.

BBC: Yaqinda o‘zbek tomoni Tojikiston va Qirg‘izistondan Pokistonga elektr energiyasini yetkazishni ko‘zda tutgan loyihaga norozilik bildirgani haqida xabarlar chiqqandi, bu kabi holat ikki tomon munosabatlariga ne qadar ta‘sir qiladi, deb o‘ylaysiz?

Ittisham Ul Haq: Men bu holat munosabatlarga katta ta‘sir ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman. Albatta, Pokiston energiyaga muhtoj davlat. Bu borada hamma Markaziy Osiyo davlatlari va Yaqin Sharq bilan ham hamkorlik o‘rnatishga harakat qilib kelmoqda. O‘zbekiston bu sohada hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biridir. O‘zbekistonning noroziligi diplomatik qonun-qoidalar doirasida bildirildi, deb ishonaman.

BBC: Lekin, Pokiston Tojikiston va Qirg‘iziston bilan energiya sohasida biron bitimlarga erishishdan avval O‘zbekiston noroziligini inobatga oladi, deb o‘ylaysizmi?

Ittisham Ul Haq: Albatta, menimcha safar shunday rejalanganki, agarda O‘zbekiston tomonining biron noroziligi yo-da, shikoyatlari bo‘lsa, Pokiston hukumati, albatta, ularga quloq tutib, ko‘rib chiqishga tayyor. Fikrimcha, ikki tomon aloqalarni kengaytirish yo‘lida umumiy bir mavqe‘ni ishlab chiqish yo‘lida harakat qiladilar.