O'zbekistonda 'halol' tamg'asini qo'yish taqiqlanayaptimi?

O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga "Halol" tamg‘asini yopishtirish taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etmoqdalar.

O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya agentligidan Bi-bi-siga aytishlaricha, O‘zbekistonda mahsulotlarga "halol" yozuvini qo‘yish taqiqlangani haqidagi axborot bo‘yicha juda ko‘p jurnalistlar murojaat qilishayapti, lekin bu xabarni qayerdan kim tomonidan tarqatilganini o‘zlari ham bilmaydilar.

"O‘zstandart"dan Baxtiyor Isroilov "biz ishlab chiqaruvchiga mahsulotiga "halol" yozuvini qo‘yishni taqiqlamaymiz", deb aytdi.

Qator ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi "O‘zstandart" agentligi va Savdo-sanoat palatasidagi manbalarga tayangan "halol" yozuvini oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yish ma‘n etilayotgani haqida xabarni tarqatganlar.

Bu xabarlarning qisqa mazmuni shundan iboratki, O‘zbekistonda "Halol" logotipini qayerda, qanday qo‘llash tartibi shu paytgacha qabul qilingan me‘yoriy hujjatlarda aks etmagan, shuning uchun bunday yozuvni, misol uchun, kolbasaga yopishtirish mahsulot haqida noto‘g‘ri ma‘lumot berish hisoblanadi.

Shu paytgacha tarqalgan xabarlarda O‘zbekistonda bunday qarorga kelinganiga Kodeks Alimentarius deb nomlangan xalqaro hujjatning "Halol" yozuvini qo‘llash ko‘rsatmalariga asoslanib ish ko‘rilgani aytilgan.

Kodeks Alimentarius BMTning Oziq-ovqat va Ziroatchilik tashkiloti hamda Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotining oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq mezonlar, tavsiyanomalar majmuasi hisoblangan xalqaro hujjat.

U 1963 yilda qabul qilingan.

O‘zbekiston Kodeks Alimentarius komissiyasining a‘zosi hisoblanadi, bu tashkilot "Halol" iborasini qayerda qanday qo‘llash borasida ko‘rsatmalar ishlab chiqqan.

Bu ko‘rsatmalarda "Halol" tushunchasi nimani nazarda tutishi, halollik mezonlari nimalardan iborat ekani va "Halol" tamg‘alarini qo‘llash tartib-qoidasi belgilangan.

Xorijiy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, agar O‘zbekistonda "Halol" markirovkasini qo‘llash shart va talablari hali ishlab chiqilmagan ekan, bularsiz biror bir mahsulot ustiga "Halol" deb yozib qo‘yish biror bir hujjat bilan tasdiqlanmagan, "Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish" haqidagi qonunga zid keladi.

"O‘zstandart" vakillari mamlakatning "Halol" yozuvini qo‘llash bilan bog‘liq qonunchiligi hali nihoyasiga yetkazilmaganini e‘tirof etishadi.

"Halol" iborasi Islom dinida ruxsat etilgan, shariat talablariga mos keladigan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa narsalarga nisbatan qo‘llanadi.

Musulmonlar Qur‘oni Karimda taqiqlanmagan jonivorlarning Alloh nomi bilan so‘yilgan go‘shtini halol deb biladilar.

Dunyoda halol mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘payib borayotgani qayd etiladi.

Turli tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, halol oziq-ovqat mahsulotlari dunyodagi jami oziq-ovqat tovarlarining beshdan bir qismini tashkil etmoqda.

Halol mahsulotlar bozori kengayib borayotgani Argentika, Braziliya va Yangi Zelandiya singari mamlakatlarni halol mol go‘shti, halol qo‘y va tovuq go‘shtlari eksportiga e‘tiborni kuchaytirishga undagan.