Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistonda siyosiy partiyalar kengroq vakolatlarga erishmoqdami?

O‘zbekiston Senati siyosiy partiyalarning vakolatlarini kengaytiruvchi konstitutsion o‘zgarishlarni tasdiqladi.

Endilikda siyosiy partiyalar Bosh vazirlikka nomzodlarni ilgari surishlari va bosh vazirni lavozimidan olishlari mumkin bo‘ladi.

Shu vaqtgacha O‘zbekistonda Bosh vazirni tayinlash vakolati faqatgina Prezidentga berilgan edi.

Ammo joriy o‘zgarishlar ham Prezidentning tashabbusi bilan amalga oshmoqda.

Bu nimani anglatadi va nima uchun aynan hozir bunga qo‘l urilmoqda?

Sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, aslida bu jarayonlar 2000 yillarning boshlaridan beri, ya‘ni prezident Islom Karimovning "kuchli davlatdan kuchli jamiyatga" kontseptsiyasini ilgari surganidan beri boshlangan. Lekin bu amalda O‘zbeistonda haqiqatan ham hokimiyatlarning bo‘linishi yuz berayotganligini anglatmaydi.

"Chunki O‘zbekistondagi muammolar shu qadar chuqurki, faqatgina Prezidentning o‘zi bu muammolarni hal qilishga qodir emasligini janob Karimov tushunib yetdi. 90- yillarda hokimiyat O‘zbekistonda mutlaq markazlashgan bo‘lsa, hozirda hokimiyat bo‘linishi emas, vazifalar bo‘linishi jarayoni yuz bermoqda", dedi sharhlovchi.

Janob rabbimovga ko‘ra, bu jarayon Prezidentning yakkahokimligiga putur yo muammo tug‘dira oladigan darjaga chiqmaydigan shaklda olib borilmoqda va janob Karimovning mamlakatdagi har qanday institutlarni nazorat qilish qobiliyati pasayayotgani yo‘q.

"Agarda haqiqiy demokratik o‘zgartirishlar haqida gap ketganda Prezidentga ishonchsizlik bildirish, uning hokimiyatini tergab turish yo‘llari borasida qonunchilikka o‘zgartirish kiritilgan bo‘lardi, lekin gap bu haqda ketmayapti", dedi Bi-bi-si bilan suhbatda sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov.