"Yoshlar" telekanali sobiq muxbirlari da‘volari bo‘yicha mahkama majlisi yana qoldirildi

Image caption Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalar davlat televideniyesidagi tsenzura, mahalliychilik va korruptsiyadan shikoyat qilishlari ortidan o‘tgan yilning dekabrida ishdan bo‘shatilgan.

"Yoshlar" telekanalining sobiq muxbirlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalarning noqonuniy ishdan bo‘shatilganlik haqidagi da‘volari bo‘yicha 28 mart kuni o‘tishi kerak bo‘lgan navbatdagi mahkama majlisi da‘vogarlar talabi bilan bekor qilingan.

Da‘vogarlar mahkamani kuzatish istagida kelgan kishilarning sud binosiga qo‘yilmaganiga norozilik bildirishgan.

Mahkamani kuzatish istagida kelgan Buyuk Britaniya elchixonasi vakili Leonid Kudryavtsev, inson huquqlari faollari Sur‘at Ikromov va Jahongir Shosalimov sud binosi kirishida navbatchilik qilayotgan ichki ishlar xodimlari tomonidan ichkariga kiritilmagan.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, ular o‘z himoyachilari bilan birga mahkama raisidan kuzatuvchilarni jarayonda ishtirok etishlariga izn berishni talab qilishgan. Talablar qondirilmagach esa, tinglov jarayonini qoldirish hamda mahkama ishini rais Dilbar Isroilovadan olishni so‘rab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayhontoxur tuman mahkamasiga ariza yozilgan.

Shundan so‘ng, jurnalistlarning talablarini ko‘rib chiqish 31 mart kuniga qoldirilgan.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, "kuzatuvchilarning mahkama zaliga qo‘yilmaganlarining o‘zi mahkama adolatli o‘tishiga shubha uyg‘otadi".

"Agarda talabimiz qondirilib, ish boshqa mahkama raisiga o‘tkaziladigan bo‘lsa, yangi sudьya ozroq hushyorroq bo‘ladi, ichki mas‘uliyat bilan yondashadi, o‘zini sha‘nini o‘ylasa kerak degan ojizgina umidda turibman-da hozir", deydi u.

Ikki jurnalist - Malohat Eshonqulova hamda Saodat Omonovalar davlat televideniyesidagi tsenzura, mahalliychilik va korruptsiyadan shikoyat qilishlari ortidan o‘tgan yilning dekabrida ishdan bo‘shatilgandi.

Jurnalistlar o‘tgan yilning dekabrida Toshkentdagi hukumat uyi qarshisida namoyish o‘tkazib, televideniye raisi Alisher Ho‘jayev hamda "Yoshlar" telekanali rahbari Hayrullo Nuriddinov, shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Oripovning iste‘fosini talab qilishgandi.

Televideniye rahbariyati jurnalistlarning da‘volarini rad etgan va ular sababsiz ishga kelmaganlari uchun ishdan bo‘shatilganliklarini aytgan.