'Gold Investing News': O‘zbekiston oltin qazib chiqarish sohasiga qiziqish hanuz katta

Jahon miqyosida oltin qazib chiqarish sohasi jihatlarini yorituvchi 'Gold Investing News' tadqiqot markazi chop etgan maqolada yozilishicha, 'Oxus Gold' shirkati yuz tutayotgan muammolarga qaramay O‘zbekiston zaxirlariga qiziqish hanuz katta.

'Gold Investing News' da chop etilgan maqolada aytilishicha, 2009 yil ma‘lumotlariga binoan O‘zbekiston jahonda oltin qazib chiqarish bo‘yicha 9 o‘rinda edi.

O‘zbekistonning oltin zaxirlari esa 53 ming tonna, deya taxmin etilgan va bu jahonda beshinchi yirik zaxiradir.Oltin zaxirlari asosan Qizilqum hududida joylashgan va u yerdagi zaxirlar 32 ming tonnani tashkil etadi.

Muruntovdagi ochiq usulda oltin qazib chiqarish koni jahondagi eng yirigi hisoblanadi. Bu kon Navoiy Kon va Metallurgiya korxonasiga tegishli.

Muruntov koni 1958 yili ochilgan va u yerdan shu vaqtga qadar 1 ming 600 tonna oltin ishlab chiqarilgan.

Maqolada aytilishicha, Murunovdagi zaxirlar 2032 yilga qadar yetishi taxmin qilinadi.

Bundan tashqari Jizzax viloyatidagi Marjanbuloq koni davlat qaramog‘idagi "Uzalmazzoloto" shirkatiga tegishli.

'Gold Investing News' qo‘lga kiritigan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bu shirkatni privatizatsiya qilmoqchi va "Uzalmazoloto"ga shirkatning 51 foiz ulushlari taklif qilingan.

O‘zbekistondagi kon sanoatini Geologiya va Mineral Zaxirlar Davlat Qo‘mitasi nazorat qiladi.

Oltin konlari va xorijiy shirkatlar bilan muammolar

O‘zbekiston hukumati oltin qazib chiqarish sohasiga xorijiy sarmoyalar kirib kelishiga izn bergan holda o‘tmishda xorijiy shirkatlar bilan kelishmovchiliklar ro‘y berib turgan, deyiladi maqolada.

2006 yili "Nyumont" shirkati mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

"Zarafshon-Nyumont" qo‘shma korxonasi 50-50 hissa asosida O‘zbekistonda oltin qazib chiqarish bilan shug‘ullanardi, lekin keyinchalik soliqlarni to‘lamaslikda ayblandi.

O‘zbekiston mahkamasi shirkatni aybdor, deya topdi va hukmdan bir oy o‘tmasdanoq shirkatning hamma mol-mulki musodara qilindi.

"Nyumont" shirkati Jahon Banki arbitraji orqali O‘zbekiston hukumatiga qarshi arz qildi va miqyosi oshkor etilmagan tovon puli to‘lanishiga erishgan.

Hozirda O‘zbekiston tomoni bilan muammolarga yuz tutuayotgan 'Oxus Gold' shirkati Amantaytov konida 50 foiz ulushga egalik asosida ish yuritib kelgandi. Bu kondagi 40 foiz ulushlar O‘zbekiston Davlat Geologiya qo‘mitasi va yana 10 foiz ulushlar "Kizilkumredmedzoloto" korxonasiga tegishli edi.

Qo‘shma korxona 1993 tashkil etilgan.

Ammo yaqinda O‘zbekiston hukumati bilan 'Oxus Gold' o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar qo‘shma korxona faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi.

Hozirda O‘zbekiston oltin qazib chiqarish sohasida yagona rasman qayd etilgan shirkat xalqaro miqyosda qonuniy kurash olib bormoqchi ekanligini ma‘lum qildi.

'Gold Investing News' dagi maqolada aytilishicha, agarda bu tortishuv O‘zbekiston foydasga hal bo‘lsa, mamlakatdagi boy oltin zaxirlari mutlaq hukumat nazorati ostiga o‘tganligini anglatadi.

Amataytov oltin koniga 'Cameco' va 'Lonmin' shirkatlari ham qiziqish bildirib, sarmoya yotqizish ilinjida bo‘lganlar, ammo ikkala shirkat ham loyihaning texnik asoslarini o‘rganib chiqish marhalasidayoq chiqib ketganlar.

Lekin, deya xulosa qilingan maqolada, O‘zbekiston oltin qazib chiqarish sohasida yuz berayotgan muammolarga qaramay xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishlari susaymagan.

Xitoy va Hindiston shirkatlari O‘zbekistonning boy mineral zaxiralarini o‘zlashtirishda hamkorlik qilishga qiziqish bildirilayotganlari haqida xabarlar bor.