' O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida faqat tug‘dirib olishadi, xolos '

O‘zbekistondagi ayrim tug‘ruqxonalarda shart-sharoit va tibbiy xizmat abgor holatga kelib qolgan.

"Kelinim tug‘ruq payti qon ketib qolganida, yarim tundan oqqan edi" - deb eslaydi Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi faol Saida Qurbonova -"Ana shu ahvolda ikkita tungi aptekada pasport va qo‘l telefonlarimni garovga qoldirib dori olganman".

Inson huquqlari faolining aytishicha, tug‘ruqxonalalarda bugun, asosan, doyalik qilinmoqda, xolos. Na onalar, na bolalar bugun kerakli dori-darmon bilan ta‘minlanadi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, ko‘zi yoriyotgan ayollarning oila a‘zolari barcha dori-darmonlarni topib keltirish majburiyati ostida qolishadi.

Kambag‘al oila farzand ko‘rganida ham, baribir, sarf-xarajatlarni o‘zlari ko‘tarishlari kerak.

"Yanvar oyida nevara ko‘rganman. Tug‘ruq zali sovuq edi. Uydan elektr isitgich keltirganman. Keyin, palatani ham o‘zimiz isitdik" - deydi Saida Qurbonova.

O‘zbekistonda bolalarni emlash va onalar hamda bolalar o‘limini kamaytirish borasida sezilarli ijobiy natijalarga erishilgani aytiladi.

Biroq tanqidchilarga ko‘ra, ikki-uchta boladan keyin yosh onalarni kam tug‘ishga majburlash bilan ham bunga erishilayotgan bo‘lishi mumkin.

"Tibbiyot hamshiralari ikki-uchta ayolni jarrohlik yo‘li bilan bachadonini bog‘lashga ko‘ndirishmasa, ularning maoshi 30% kesib tashlanadi" - deydi inson huquqlari faoli.

Hali sho‘ro ittifoqi qulashi arafasida O‘zbekistondagi qishloq ayollari salomatligi zaifligi, ayniqsa, ekologiya buzilishiga oid xastaliklar hamda kamqonlik ko‘pligi aytilardi.

Bugun bu kabi ijtimoiy muammolar haqida matbuotda ochiq gapirilmaydi. Ammo tahlilchilarga ko‘ra, mustaqillik yillari mamlakat aksar aholisining turmush darajasi bir necha baravar tushib, tibbiy xizmat sifati ham ortga ketgan.

Shaharlarda ahvol birmuncha yaxshiligi aytiladi. Ammo ko‘p hollarda risoladagidek tibbiy xizmat kasalning cho‘ntagiga ham taqaladi.

Xalqaro tashkilotlar hisobotlarida O‘zbekiston doimo korruptsiya va poraxo‘rlik keng tarqagan mamlakatlar sifatida qayd etiladi.