O‘zbekistonlikning qullikka tushgani ehtimolidan xavotirlangan yaqinlari ko‘mak so‘ramoqdalar

Rossiyaga ish izlab ketgan o‘zbekistonlik Eson Boboyevning ahvolidan xavotirlangan qarindoshlari inson haqlari guruhlari va Rossiya rasmiylaridan yordam so‘rab murojaat qilgan.

Yaqinlari Eson Boboyevning oilasiga pul yubora olmayotgani, hatto telefon qo‘ng‘iroqlari qilmayotganidan u qullikda ushlab turilipti, deya xavotir bildirmoqdalar.

Surxondaryoning Oltinsoy tumanilik 43 yoshli Eson Boboyev 2008 yilda Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketgan, hatto otasining dafn marosimiga ham kela olmagan.

Dastavval oilasiga pul yuborib, telefon qo‘ng‘iroqlari qilib turgan Eson Boboyev 2011 yil boshlanganidan buyon rafiqasiga atigi bir marta qo‘ng‘iroq qilgan, hozir O‘zbekistonga yuborishga ham, o‘zi qaytib ketishi uchun ham puli yo‘qligini aytgan.

"Nima uchun pul jo‘nata olmayotganini ham bilmaymiz, qullikka sotilib ketgan-ketmaganini ham bilmaymiz. "Ishlayotgan bo‘lsangiz, bolalarga uch-to‘rt so‘m pul yuboring, dedik, pulim yo‘q, dedi. Ishlab pul topa olmayotgan bo‘lsangiz, uyga yig‘ishtirilib keling, desak, hatto borishga ham pulim yo‘q dedi", deb aytadi rafiqasi Saida Jo‘rayeva.

Eson Boboyevning tog‘avachchasi Akmal Soatov 2008 yilda birga Rossiyaga otlanishgan, ammo Rossiyadagi moliyaviy inqiroz tufayli yaxshi daromad topa olmaganidan O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

Akmal Soatov qarindoshining qullikda ushlab turilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanadi.

Akmal Soatovning aytishicha, Eson Soatov o‘zining Tula viloyatida tumanlardan birida yog‘och kesish tsexida ishlayotganini aytgan, uning hujjatlarini tortib olib qo‘yib, maoshsiz ishlashga majbur qilayotgan bo‘lishlari mumkin.

Shundan keyin yaqinlari O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish "Ezgulik" jamiyatiga, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin, Rossiya Ichki ishlar vaziri Rashid Nurgaliyevga murojaat qilganlar, Eson Boboyevni vataniga qaytarishda yordam berishni so‘raganlar.

BBC yaqinlaridan Eson Boboyevning Rossiyadagi mobil telefoni raqamlarini olib qo‘ng‘iroq qildi, ammo bu telefon qo‘ng‘iroqlariga hozircha hech kim javob bo‘lmadi.

Mehnat muhojirligiga Rossiyaga borgan insonlarning qullikka tushib qolishlari hollari ko‘p uchraydi, zamonaviy qullika tushib qolishga o‘zbekistonliklarning o‘zlarining vatandoshlari ham sababchi bo‘lgan hollar bo‘lgan, rossiyalik bir necha qulfurush mahkamalarga ham tortilganlar.