'Najot': Xorazm viloyati jiddiy ekologik muammolar qarshisida qolgan

O‘zbekistondagi "Najot" mustaqil inson huquqlarini himoya etish tashkilotining aytishicha, so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan qator ekologik muammolar shimoliy Xorazm viloyatining kelajagini tuman ostida qoldirgan.

Xorazm viloyatidagi ekologik vaziyatni muntazam nazorat etib boruvchi tashkilot bu kabi xulosaga o‘zining so‘nggi hisobotida kelgan.

Hisobotda aytilishicha, Xorazm viloyatida chuchuk suvga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib ketgan.

"Viloyat shaharlari, ayniqsa, Xivada asrlar davomida xalqni toza ichimlik suvi bilan ta‘minlab turgan quduqlar qurib qolgan, qurimaganlarining esa, suvi ichishga yaroqsiz," deydi tashkilot.

"Najot" tashkilotiga ko‘ra, Orol dengizining qurishi, yerlar meliorativ holatining buzilishi, suvdagi tuz miqdorining ko‘payishi, to‘qayzorlarning payhon qilinishi natijasida viloyat aholisining salomatligi yomonlashgan, yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari va teri kasalliklari ko‘paygan.

Xorazm viloyatining Orolbo‘yi ekologik og‘ir muhitida joylashganligini nazarda tutarkan, tashkilot 1998 va 2008 yillar oralig‘ida nogiron ayollar va bolalarning soni ham olti barobar ortganligini aytadi. Bolalar va xotin-qizlar orasida kamqonlik hollarining avj olganligini ham urg‘ulaydi.

Viloyat to‘qnash kelib turgan qator ekologik muammolarga to‘xtalarkan, "Najot" o‘zining yangi hisobotida termitlar muammosiga ham alohida e‘tibor qaratadi.

Tashkilotga ko‘ra, bugungi kunda termitlar nafaqat Xiva obidalarini, balki shu hududda yashayotgan aholi turar-joylarini ham tagidan yemirib, qulab tushish darajasiga olib kelmoqda. Hisobotda aytilishicha, Xiva shahridagi 400 ga yaqin uy termitlar tufayli yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelib qolgan.

"Najot", o‘z o‘rnida, atrof-muhitda sho‘rlanish darajasining keskin ortishi ham viloyatdagi me‘moriy obidalarni yemirayotgani, bu holat deyarli barcha tarixiy yodgorliklarda yaqqol ko‘zga tashlanishini urg‘ulaydi.

Tashkilot mamlakatdagi byudjet kamomadi, aholining salomatligini yaxshilash va ekologiya masalalari bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan qator muassasalarning korruptsiyalashgani, bu sohalarga ajratilgan mablag‘, insonparvarlik yordamlari maqsadli ravishda sarf etilmayotgani sababli mavjud muammolarning o‘z yechimini topolmayotgani ko‘pchilikka ayon ekanini aytadi.

"Najot" mustaqil inson huquqlarini saqlash tashkilotiga ko‘ra, Xorazm viloyatida vujudga kelgan ekologik ahvolni yaxshilash uchun davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi suv va havodek zarurdir.

Biz tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov bilan bog‘lanib, eng avvalo bu kabi hisobotni e‘lon qilishdan maqsadlari nima ekani haqida so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди