O‘zbekiston qamoqxonalarida dindor mahbuslarga bosimlar kuchaygan

Image caption Yaqinlariga ko‘ra, mahbuslarni bosh ko‘tarishga ham qo‘yishmaydi

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi dindorlarga qarshi soxta jinoyat ishlari ochilib, ularning jazo muddatlari uzaytirib qo‘yilayotgani haqida xabarlar olingan.

Jazo muddati tugagan dindorlardan ba‘zilarining yaqinlari Prezident va inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmen idorasiga murojaat qilib, ularni ozod etishda yordam so‘rashgan.

Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi shunday mahbuslardan biri, chinozlik Bahtiyor Orziqulovning onasi Sohiba Orziqulovaning arizasini keltiradi.

38 yoshli Bahtiyor Orziqulov 2001 yilda Hizbu Tahrirga a‘zolikda ayblanib, 7 yilga mahkum etilgan va ozodlikka chiqishiga 6 oy qolganida jazo muddati uch yilu sakkiz oyga uzaytirilgan.

Buxorodagi qamoqxonada kechgan mahkamadan mahbusning himoyachisi va yaqinlari xabardor qilinmagan.

BBC bilan suhbatda Sohiba Orziqulova shu yil avgustida jazo muddati tugashi kutilayotgan o‘g‘lining ozodlik yuzini ko‘rmasligidan xavotir olayotganini aytdi.

Shu yil yanvarida Navoiydagi KIN 64/46 jazo koloniyasida o‘g‘li bilan ko‘rishgan onaning so‘zlariga ko‘ra, Bahtiyor Orziqulov qamoqxona ma‘muriyati o‘ziga nisbatan yana bir soxta jinoyat ishi to‘qib chiqarishi mumkinligidan xavotir bildirgan va tegishli idoralarga murojaat qilishni so‘ragan.

"O‘g‘lim juda ham tushkunlikka tushib qolgan, chiqmayotganiga juda ham xafa", - deydi onaizor.

Uning aytishicha, so‘nggi paytlarda zonada dindor mahbuslarga zulm kuchaygan.

"Mahbuslarning boshini ko‘tarishga qo‘yishmaydi, namoz o‘qiganini bilib qolishsa, SIZOga tashlashadi", - deydi BBC bilan suhbatda Sohiba Orziqulova.

Chinozlik onaxonning so‘zlariga ko‘ra, avvallari mahbuslarning birga ovqatlanishlariga, o‘zlariga kelgan oziq-ovqatni boshqalar bilan bo‘lishishlariga ruxsat etilardi. Ammo so‘nggi paytlarda ularning o‘zaro suhbatlashishlari va hatto salomlashishlari ham taqiqlangan.

BBCga gapirgan chinozlik yana bir mahbus, Marat Muhamedboyevning onasi Ra‘no Muhamedboyevaning aytishicha, uning o‘g‘lining qamoq muddati ham tugashiga 6 oy qolganida uzaytirilgan.

"Kelinimga 6 oy qoldi, yana bir marta borib kelsak chiqadi, degan edim, 8 yil qo‘shib berdi", - deydi Ra‘no Muhamedboyeva.

Unga ko‘ra, Hizbu Tahrirga a‘zolikda ayblangan o‘g‘li 2002 yildan buyon Buxoroning Qorovulbozoridagi yerto‘lada o‘tiribdi.

"Bir yildan buyon borolganimiz yo‘q, xat va posilkamizga javob bermayapti, nima bo‘lganini ham bilmaymiz", - deydi mahbusning onasi.

Uning aytishicha, o‘g‘li hibsxona va qamoqda shafqatsiz qiynoqlarga tutilgan.

Mustaqil Inson huquqlari tashabbus guruhiga ko‘ra, 2006 yildan buyon O‘zbekistonda bironta ham diniy-siyosiy mahbus avf etilmagan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari o‘zbek qamoqxonalaridagi bu kabi mahbuslar soni kamida 7 ming nafar ekanini aytishadi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди