Rivaldoning himoyachisi: 'Bunyodkor'ning haqiqiy xo‘jayini Gulnora Karimova bo‘lgan'

Image caption Rivaldo "Bunyodkor"ni mintaqaviy o‘yinchiga aylantirmoqchi bo‘lganini aytgan

O‘zbekistonning eng dongdor futbol klubi-"Bunyodkor"ning sobiq o‘yinchisi Rivaldoning himoyachisiga ko‘ra, klubning haqiqiy xo‘jayini Prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova bo‘lgan.

Internet sport nashri - "Sportingintellijens" bilan suhbatda "Bunyodkor" homiysi "Zeromaks"ga qarshi mahkama da‘vosida braziliyalik futbol yulduzining manfaatlarini himoya qilayotgan Luis Pereyra dunyoning eng mashhur futbolchi va murabbiylari uchun millionlab dollarlar sarflagan o‘zbek klubining Gulnora Karimovaga tegishli ekani haqida hozirgacha taxmin qilib kelingan farazlarni tasdiqlagan.

"Biz "Bunyodkor"ning haqiqiy xo‘jayini Gulnora Karimova bo‘lganiga hozir ishonayapmiz", deb aytgan Pereyra.

"Sportingintellijens" bilan eksklyuziv suhbatda Rivaldo o‘zining "Bunyodkor" bilan shartnomasining hozirgacha ma‘lum bo‘lmagan ba‘zi tafsilotlarini ham oshkor etgan.

Nashrning Rivaldoning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, 2008 yilda "Bunyodkor" bilan shartnoma imzolagan o‘yinchi birinchi yil uchun 6 million yevro hamda reklama haqlari bo‘lib, ja‘mi 7 million 100 ming yevro daromad qilgan.

Bir necha oy ichida 2 yil klubda qolish taklifini olgan o‘yinchi 2011 yilga qadar shartnoma imzolaydi.

Rivaldo O‘zbekistonning mahalliy klubini mintaqaviy o‘yinchi yoki undan ham kattaroq bir jamoaga aylantirish niyatida bo‘lganini aytgan.

"Sportingintellijens" muxbirining yozishicha, birinchi yili hammasi ko‘ngildagidek bo‘lgan, chunki "Zeromaks"ning puldan muammosi yo‘q edi.

"Zeromaks" avvaliga Ziko, keyin esa Skolarini murabbiylikka yollagan.

"Ular Samuel Etoga bir mavsumga klubga o‘ynab berish uchun 25 million dollar taklif qilishdi va ispaniyalik yulduz o‘yinchilarning Toshkentga bir martalik safarlari uchun 1 million dollardan to‘lashdi", deb yozadi nashr.

Ammo ikkinchi yili, 2009 yilning yozidan boshlab, Rivaldoga pul to‘lamay qo‘yishgan.

"Unga hech qanday katta muammo yo‘qligi, faqat naqd pul masalasi ekanini aytishgan, buning noodatiy ko‘ringaniga qaramay, Rivaldo xavotirga tushmagan",- deydi uning himoyachisi.

Ammo nashrning yozishicha, kutishlar oylarga, keyin esa yilga cho‘ziladi va bir necha braziliyalik yosh o‘yinchilarni jalb qilgan Rivaldo ular uchun ham mas‘ulligini o‘ylab klubda qoladi va ularning maoshlarini o‘z hisobidan to‘laydi.

"Zeromaks" braziliyalik futbolchilarning mehmonxona uchun haqlarini ham to‘lamay qo‘ydi", -degan Rivaldo.

2010 yilning iyuliga kelib, toqati toq bo‘lgan Rivaldo himoyachilarni ishga solishga majbur bo‘ladi.

"Zeromaks" ham xuddi shu payt kasodga uchragan.

"Men O‘zbekistonni sevaman va u yerda juda ko‘p do‘stlarim bor. Hammasi shunday tugaganidan afsusdaman", degan Rivaldo.

Braziliyalik o‘yinchi "Zeromaks"da 16 million dollar haqqi qolgani va kasodga uchragan shirkatning Shveytsariyada o‘tishi kutilayotgan mahkamasida ko‘rsatma berish niyatida ekanini bildirgan.

Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromaks shirkati bir yil avval o‘zbek hukumati oldida 500 million dollar qarz bilan kasodga uchragani, uning mol-mulki esa Uzbekneftegaz va Rossiyaning Lukoyl shirkatlari o‘rtasida bo‘lib olingani aytilgandi.

Rivaldo ham Zeromaks kreditorlari ro‘yhatiga o‘z ismini qo‘shgan.

39 yoshli futbolchi o‘tgan yili uch braziliyalik jamoadoshlari va klubning murabbiysi Skolari bilan Bunyodkorni tark etgan.

O‘n yil avval barpo etilgan Zeromaks shirkati bir vaqtlar O‘zbekistonda yoqilg‘i shahobchalarini nazorat qilgan, neftь va gaz qazib chiqargan va quvurlari faoliyatini boshqargan, paxta, bug‘doy va chorvachilik mollari, hamda to‘qimachilik mahsulotlari savdosidan millionlab dollar foyda olgan.

G‘arbda o‘zbek prezidentini boyitayotgan manba deya ko‘rilgan bu shirkat 2008 yilda o‘z daromadi 2,848 milliard dollar bo‘lganini e‘lon qilgandi.

Egasi kimligi borasida mubohasalar davom etar ekan, shirkatning faoliyati o‘tgan yil 5 mayida o‘zbek mahkamasi qarori bilan to‘xtatilgan.