Toshkentda ShHT va MDH maxsus xizmatlari vakillari uchrashmoqda

Image caption Rossiya va Xitoy yetakchiligidagi Shanhay tashkiloti AQShning mintaqadagi ta‘sirini muvozanatlashga qaratilgani aytiladi

Toshkentda uchrashayotgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi maxsus xizmatlari rahbarlari terrorizmga qarshi kurash masalasini mubohasa etmoqda.

MDH aksilterror markazi tarqatgan xabarda aytilishicha, ilmiy-amaliy anjuman chog‘ida maxsus xizmatlar vakillari "Islomiy Jihod", "Turkiston Islom Partiyasi", "Hizbu Tahrir" va "Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati" singari terrorchi guruhlarning faoliyatidagi yangi tendentsiyalar va ularga qarshi kurashning zamonaviy kontseptsiyalari" mubohasa etiladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Belarus poytaxti Minsk metrosidagi yuz bergan portlash manzarasida anjuman kun tartibidagi masala yanada dolzarblik kasb etgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, anjumanda BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi mutaxassislari ham ishtirok etmoqda.

"Jahonda yuz berayotgan jarayonlar, shuningdek, MDH va ShHT ning bir qator davlatlaridagi ichki ijtimoiy-iqtisodiy muammolar terrorchi va ekstremistik tashkilotlar faoliyatining jonlanishi uchun yaxshi zamin hozirlaydi", deyiladi rasmiy xabarda.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 1990-chi yillar boshida Xitoy va u bilan chegaradosh sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari o‘rtasida bahsli hududlarni hal etish niyatida tuzilgan edi.

Hozirda u iqtisodiy, siyosiy, xavfsizlik va harbiy sohalardagi hamkorlikni ham o‘z ichiga qamrab olgan mintaqaviy tashkilotga aylangan.

Aksar kuzatuvchilar nazarida, Shanxay Hamkorlik tashkiloti faoliyati AQSh va NATOning mintaqada ta‘siri kengayishining oldini olishga qaratilgan.

Oxirgi yillarda tashkilot sammitlarida Eron rahbarlarining ishtirok etishi G‘arb, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari noroziligiga sabab bo‘lgan.

2005 yilda Shanxay tashkilotiga Eron bilan birga Hindiston, Pokiston va Mo‘g‘uliston ham kuzatuvchi sifatida qabul qilingan edi.

Eron 2007 yildagi sammitda tashkilotga a‘zo bo‘lish istagini bildirgan.