Prezident Islom Karimov Xitoyga davlat tashrifini boshladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Xitoyga ikki kunlik davlat tashrifini boshladi.

O‘zbekiston prezidenti Xitoy rahbari Xu Jintao va bosh vaziri Ven Jiabao bilan uchrashadi.

Tashrif so‘ngida tomonlar o‘rtasida hamkorlikka oid qator hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.

Bu Islom Karimovning oxirgi olti yilda Xitoyga ikkinchi davlat safaridir.

Xitoy hukumati Andijon hodisalaridan ikki hafta o‘tmasdan Pekinga safar qilgan Islom Karimovni uning qadamiga poyondoz to‘shab kutib olgandi.

Diniy va milliy bo‘lginchilikka qarshi kurashishini aytib keladigan Xitoy uchun Islom Karimov hukumati muhim sherikdir.

Xitoy o‘z ichkarisida mustaqillik uchun kurashayotgan uyg‘ur bo‘lginchilari hududlariga O‘zbekistonning naqadar yaqinligini biladi.

Boshqa tarafdan Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasi va Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi rishtalar azaldan kuchlidir.

"Silliq munosabatlar” Xitoy rasmiy matbuotiga ko‘ra, Pekin va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar "silliq" rivojlanmoqda.

Sinxua Axborot Agentligining yozishicha, Prezident Islom Karimovning Xitoyga safari ushbu munosabatlarning "yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi".

O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi muovini Rustam Azimovning aytishicha, Prezident Islom Karimovning Xitoyga safari "bu yil ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yirik hodisaga aylanadi".

"O‘zbekiston Xitoyni yaqin do‘st va sherik hisoblaydi va ikki tomonlama savdo, sarmoya, energiya, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga umid qiladi," deb aytgan.

Dollar o‘rniga yuanmi? Xitoy Markaziy Bankining ma‘lum qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va sarmoyaning bir qismi Xitoy pul birligi- yuanda amalga oshiriladi.

Markaziy Bank chiqargan bayonotda ta‘kidlanishicha, Xitoy va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida 700 million yuan (108 million AQSh dollari) almashinuvi haqidagi bitim imzolangan.

Bir kun muqaddam Xitoy hukumati 25 milliard yuan almashinuvi haqidagi bitimni Yangi Zelandiya hukumati bilan imzolagan edi. O‘zbekiston bilan imzolangan shartnoma kelgusi uch yilga mo‘ljallangan.

2008 yildan buyon Xitoy Janubiy Koreya va Belarus doxil dunyoning to‘qqiz mamlakati bilan o‘zaro savdo-sotiq va sarmoya kiritishni yuanda amalda oshirishga kelishib olgan. Rasmiy Pekin bunday tadbir bilan o‘z pul birligi ta‘sirini kuchaytirishga urinmoqda.

Shu yil boshida Jahon banki qimmatbaho qog‘ozlar turi bo‘lmish - yarim milliard xitoy yuani bondini chiqargan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoyning dunyo bozorida moliyaviy qudrati mustahkamlanishi barobarida dunyoning Xitoy moliyasiga bo‘lgan ehtiyoji ham ortmoqda.