Xitoy O‘zbekistonga 1.5 milliard dollar kredit ajratishga qaror qildi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - O‘zAning xabar berishicha, Xitoyning yetakchi banklari qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi uchun O‘zbekistonning 4 bankiga umumiy qiymati 1.5 milliard dollarga teng kredit liniyalarini ochganlar.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Xitoyga qilgan ikki kunlik safari chog‘ida e‘lon qilingan.

O‘zAga ko‘ra, so‘nggi besh yilda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi to‘rt baravardan ziyodroqqa oshgan.

Xitoyning yetakchi banklari jumladan "Eksimbank" va Xitoy Davlat banki, rahbarlari kredit ajratish qarorini "O‘zbekiston bank tizimi yuksak darajada barqaror va ishonchli" ekani bilan izohlaganlar.

Agentlikka ko‘ra, ushbu safar asnosida ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida "davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 25 dan ziyod hujjat" imzolangan.

"Ularning umumiy qiymati 5 milliard AQSh dollaridan oshadi," deyiladi O‘zA xabarida.

Prezident Karimov safari chog‘ida shuningdek Xitoy Xalq banki bilan O‘zbekiston Markaziy banki o‘rtasida so‘m va yuan ayirboshlash to‘g‘risida bitim imzolangan.

Xitoy Xalq bankiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida kelgusi yillarda ayirboshlanadigan milliy pul birliklari miqdori 108 million AQSh dollariga yetadi.

"Bu sarmoya va savdo sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi," deb ta‘kidlanadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabarida.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda mamlakatning eskirib borayotgan sanoat infratizilmasini yangilash uchun xalqaro sarmoyadorlarni topishga harakat qilmoqda.

Xitoy esa o‘zining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Markaziy Osiyo davlatlariga yirik sarmoyalarni kiritmoqda.

Xitoy hukumati O‘zbekistonga "uzoq muddatli va muttasil ravishda paxta tolasi, tabiiy gaz, uran konsentrati, rangli metallar, nodir va kamyob metallar, mineral o‘g‘itlar kabi strategik tovarlar" yetkazib berish muhimligini ta‘kidlagan.

Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvuri Prezident Islom Karimov safari jarayonida ikki davlat o‘rtasida Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurining uchinchi tarmog‘ini barpo etish to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Yangi gaz quvuri tarmog‘ini qurish ishlarini 2014 yilga qadar bitkazish rejalangan.

Qiymati taxminan 2.2 milliard dollarga teng ushbu loyiha Xitoy Davlat taraqqiyot banki kreditlari hamda Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasining sarmoyalari hisobiga amalga oshiriladi.

Uchinchi gaz quvuri tarmog‘i ishga tushsa, Xitoyga eksport qilinadigan gaz quvvati yiliga 25 milliard kub metrga yetkazilishi kutilmoqda.

Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoyning Guanchjou shahriga qadar uzangan, uzunligi 7 ming kilometr bo‘lgan "Markaziy Osiyo-Xitoy" gaz quvuri bundan bir yarim yil muqaddam ishga tushirilgandi.

Hozirda O‘zbekistondan Xitoyga yuboriladigan gaz miqdori 4 milliard kubometrni tashkil etadi.

Joriy yil oxiriga qadar O‘zbekistondan Xitoyga yetkaziladigan gaz ko‘lami yana deyarli to‘rt baravarga ko‘payishi rejalangan.

Tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi o‘n mamlakatidan biridir.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga taxminan 60 milliard kubometr tabiiy gaz ishlab chiqariladi.