Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi Osiyoga qanday tahdid solmoqda?

Osiyo Taraqqiyot Banki o‘zining yangi hisobotida dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarining oshib borayotgani o‘n millionlab osiyoliklarni qashshoqlik girdobiga tashlashi mumkinligi bilan ogohlantirgan.

Hisobotga ko‘ra, so‘nggi yillarda kuzatilayotgan bu kabi holat joriy yilda Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyotiga ham salbiy ta‘sir qilishi mumkin.

Bank bosh iqtisodchisi Ri Changyongning aytishicha, "agar e‘tiborsiz qoldirilsa, oziq-ovqat inqirozi Osiyo qit‘asida kambag‘allikni kamaytirish yo‘lida yaqinda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni ham chippakka chiqarishi ehtimoli yo‘q emas".

"Bug‘doy, makka, shakar, o‘simlik yog‘i, sut mahsulotlari va go‘sht narxining keskin sakrab ketishi bilan joriy yil boshida rivojlanayotgan Osiyo davlatlarida inflyatsiya darajasi 10 foizga yetgan," deyiladi hisobotda.

Bankning ogohlantirishicha, "agar vaziyat shu ahvolda davom etadigan bo‘lsa, 64 million kishi nochorlikka yuz tutishi va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ham 1.5 foizga kamayishi mumkin".

Mintaqa davlatlaridan, ayniqsa, Qirg‘izistonda bug‘doyning bahosi o‘tgan iyun oyidan buyon 67 foizga oshib ketgan. Tojikiston, Shri Lanka va Mo‘g‘ulistonda ham bug‘doy narxi qariyb 30 foizga ko‘tarilgan.

Bankka ko‘ra, oziq-ovqat qiymatining keskin ortib ketishiga o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab Osiyo, Amerika va Ovro‘poda kuzatilgan yomon ob-havo va tabiiy ofatlar sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, Osiyo Taraqqiyot Banki to‘rt yil burun kuzatilgan oziq-ovqat inqirozida muhim o‘rin tutgan omillar ham bugun bo‘y ko‘rsatayotganligini urg‘ulagan.

Bular qatorida rivojlangan boy davlatlarda oziq-ovqatga talabning kuchayishi, ekin maydonlarining qisqarishi va g‘alla hosilining kam bo‘lishi kabi omillar tilga olinadi.

O‘z o‘rnida bank mintaqa davlatlari oziq-ovqat inflyatsiyasi oqibatlarini yumshatish yo‘lida ularga qo‘yilgan soliq miqdorini kamaytirish, narx-navoni nazorat etish va subsidiyalar berishga harakat qilayotganliklarini ham bildirgan.

Hisobotda bu sa‘y-harakatlarning yanada kuchaytirilishi lozimligi aytilarkan, hukumatlar o‘zlari ishlab chiqarayotgan oziq-ovqat mahsulotlari eksportini kamaytirmaslikka ham undalgan.

Bankka ko‘ra, bu mavjud muammoni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

Buning o‘rniga, hukumatlar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga asosiy e‘tibor qaratib, qishloq xo‘jaligiga ko‘proq sarmoya kiritishlari, g‘alla omborlarini kengaytirishlari va bug‘doy hosili isrof etilishining oldini olishlari lozim, deyiladi hisobotda.

Kuni-kecha Jahon Banki ham shunday ogohlik bilan chiqib, oziq-ovqat va energiya mahsulotlari narxining oshib borayotgani rivojlanayotgan Ovro‘po va Markaziy Osiyo davlatlarida 5 milliondan ortiq insonni qashshoqlik girdobiga tashlashi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Bank mazkur holat faqat chetdan mahsulot sotib olishga majbur bo‘lgan ko‘plab davlatlar, ayniqsa, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Gurjiston va Moldovani qiyin ahvolda qoldirishi, ushbu davlatlarda kambag‘allik yanada kuchayishini ham alohida ta‘kidlagandi.