Markaziy Osiyo uchun Fors Ko‘rfaziga yo‘l ochuvchi bitim imzolandi

O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Qatar va Oman tabiiy zaxiralarga boy, ammo yirik suv yo‘llaridan uzilib qolgan Markaziy Osiyo mintaqasini Fors Ko‘rfaziga eltuvchi yangi temiryo‘l barpo etish borasida kelishib olishgan.

Reyter axborot agentligining xabar berishicha, yangi transport yo‘li O‘zbekistondan boshlanib, Turkmaniston va Eron orqali necha o‘n yillardan beri beqaror qolayotgan Afg‘onistonni chetlab o‘tib, Fors Ko‘rfazigacha boradi.

"Bu - har bir ishtirokchi davlatning zimmasiga qonuniy mas‘uliyat yuklovchi va yangi geo-iqtisodiy makon yaratishga imkon beruvchi bitimdir," deb aytgan Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev esa, " buning Markaziy Osiyo va Fors Ko‘rfazi davlatlari manfaatlarida bo‘lgan tarixiy hujjat" ekanini urg‘ulagan.

Axborot agentligiga ko‘ra, tashqi ishlar vazirlari darajasida bo‘lib o‘tgan dushanba kungi yig‘in ishtirokchilari loyihaning muddati, qanchaga tushishi yoki qachon hayotga tadbiq etilishi tafsilotlariga to‘xtalishmagan.

Muzokaralarga yaqin manbaga ko‘ra, tomonlar yangi naqliyot tizimini yaratishdan tashqari savdo-sotiqni osonlashtirish uchun bojxona jarayonlarini soddalashtirish masalasiga ham e‘tibor qaratishgan.

Turkmaniston tabiiy gaz ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng peshqadam davlat hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha to‘rtinchi yirik tabiiy gaz zaxiralariga ega. 2030 yilga borib neft xom ashyosi ishlab chiqarishni ham uch barobariga oshirib, 67 million tonnaga yetkazishni rejalagan.

Unga qo‘shni O‘zbekiston ham paxta va oltin ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bundan tashqari, kattagina yoqilg‘i zaxiralari ham bor.

Mahalliy ekspertlarning aytishlaricha, yangi loyiha Markaziy Osiyo davlatlariga qisqa yo‘l bilan Fors va Oman ko‘rfazlariga chiqish imkonini beradi. Bundan tashqari, ular kelajakda ushbu naqliyot yo‘lagiga Rossiya va Xitoy ham qo‘shilishi mumkinligi uning ahamiyatini yanada kuchaytirishini urg‘ulashadi.

Eron tomoni esa, "Markaziy Osiyo nefti va gazini olib o‘tishda tranzit davlati vazifasini bajarishga hozir ekanini aytarkan, yiliga 10 million tonna neft mahsulotlarini tashish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan".

Qatar esa, shu yil boshida Markaziy Osiyoni Fors Ko‘rfazi bilan bog‘lovchi va 21-asrning Ipak Yo‘li deb baholanayotgan yirik temiryo‘l qurilishi loyihasida ham ishtirok etish niyatini izhor etgandi.

O‘shanda Qatarning qo‘shilishi Eron, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokidagi yana bir loyihaning yanada jadallashishiga xizmat qilishi mumkinligi aytilgandi.

Mazkur loyiha doirasida qurilayotgan temiryo‘lning uzunligi 1.000 kilometrni tashkil etishi, uning 90 kilometri Eron, 700 kilometri Turkmaniston va 210 kilometri Qozog‘istondan o‘tishi xabar berilgandi.

Turkmanistonlik mulozimning aytishicha, yangi temiryo‘l ana shu Shimol-Janub transport koridorining bir qismi bo‘lishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Fors Ko‘rfaziga eltishda nihoyatda qo‘l kelishi aytilayotgan Eron, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qatar ishtirokidagi ushbu loyihaning shu yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.