O‘zbek diniy mahbuslari ozod etilishi haqida xabarlar tarqagan

Image caption Amnistiya haqidagi xabarlarga qarama-qarshi tarzda qamoqxonadagi qiynoqlar haqidagi hikoyalar ham davom etmoqda

O‘zbekistonda mustaqillikning 20 yilligi munosabati e‘lon qilinadigan amnistiyada diniy mahbuslar ham ozod etilishi haqida xabarlar tarqagan.

BBC suhbatda bo‘lgan oilalarning xabariga ko‘ra, uchastka nozirlari mahbuslar oilalari uylariga kelib, mahbuslar yoki qidiruvda bo‘lgan boshqa oila a‘zolari haqida qo‘shimcha ma‘lumot yig‘ishga urinishmoqda.

Uchastka nozirlari "katta amnistiya"ga ishora qilib, diniy mahbuslar ozod etilishiga ishora qilishgan.

Qamoqxonalarda qolayotgan diniy mahbuslar orasida ham amnistiya haqida mish-mish tarqagan, biroq O‘zbekiston hukumati rasman hech qanday ma‘lumot tarqatmagan.

O‘zbekistonda minglab erkak va ayollar O‘zbekiston Jinoiy Kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-moddasiga (Ommaviy tartibsizliklar) binoan aybdor deb topilib, ko‘p yillarga ozodlikdan mahrum etilganlar.

Mazkur moddalar bilan qamalgan O‘zbekiston fuqarolari yillik amnistiya munosabati bilan avf etilganlar ro‘yxatiga tushmay kelayotir.

Uch o‘g‘li qamoqda bo‘lgan oila Chinozlik Marhamat Mirzayeva shu kunlarda bir guruh opa-singillari va kelinlari, xususan 76 yoshli onasi bilan O‘zbekistonning uchta alohida qamoqxonasida saqlanayotgan ikki ukasi va bir jiyanini borib ko‘rgan va ularning har biridan amnistiya haqida gap tarqaganini eshitgan.

Uning Buxorodagi qamoqxonada saqlanayotgan jiyani, 27 yoshli Ahmadillo Mirzayev avf etilishiga umid qilmayotganini bildirgan.

"Ha, bizda ham aytayapti (amnistiya haqida), lekin 34-moddaning 1-qismi bundan istisno ekan, deb aytdi jiyanim Mirzayev Ahmadillo. Hizbu Tahrirni eng havfli jinoyatchi deb qo‘ygan, besh yil bergan edi, uch yildan so‘ng boshqatdan sud qilib, yetti yil qo‘shib berdi.", - deydi Marhamat Mirzayeva.

O‘zbekiston kodeksining 34-moddasi Retsidiv jinoyatlarni, uning 1-qismi esa "ilgari o‘ta og‘ir jinoyati uchun yoki ikki marta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinib, ularning har biri uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxs tomonidan o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilishi"ni nazarda tutadi.

Marhamat Mirzayevaning Qashqadaryodagi qamoqxonada saqlanayotgan ukasi, 37 yoshli Abdulaziz Mirzayev ham amnistiya haqida eshitganini aytgan.

"Ha, bizda ham shunday deyapti, "100 marta qaytdim" deb kim kechirim so‘rasa, o‘shalarga amnistiya bor deb aytayapti, dedi ukam", - deydi Marhamat opa.

Biroq, uning aytishicha, ukalari o‘tmishda bir necha bor shu kabi maktublar yozishganiga qaramay, avf etilmaganlar.

Qiynoqlar davom etmoqda Oila o‘z o‘g‘illariga diniy e‘tiqodlari tufayli bo‘layotgan bosim davom etayotganini aytadi.

Uchrashuvda Abdulaziz Mirzayev 159 va 244-moddalar bilan qamalgan kishilar quyosh ostida qo‘llari boshlari ortiga tutashtirilgan holda soatlab cho‘kkalab o‘tirishga majburlanayotganini aytgan.

"Suv ham bermas ekan. Tualetga chiqib kelay desa, "o‘tiraver joyingda, hech narsa qilmaydi" deyishar ekan, bechora bolalar cho‘kkalab o‘tirgan joyida hojatini chiqarib, oftobda hushidan ketib qolayapti ekan", - deydi Marhamat opa.

Marhamat Mirzayeva ukalari va jiyani faqat namoz o‘qigani uchun ta‘qib qilingani, hech qanda jinoiy yo ekstremist guruhlarga a‘zo bo‘lmaganini aytadi.