Usama Bin Lodinning o‘limi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Usama Bin Lodinga qarshi ov Amerika Qo‘shma Shtatlarini O‘zbekiston bilan ziddiyatli deb ko‘riladigan hamkorlikka undagan omillardan biri sanaladi.

11 sentyabr hujumlaridan so‘ng bu hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Andijon voqealari ortidan munosabatlar sovuqlashib ketgan, ammo so‘nggi yillarda O‘zbekiston AQSh va G‘arbning terrorga qarshi urushida yana muhim ittifoqchilaridan biriga aylanayotgani kuzatiladi.

Toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, Al-Qoida rahbarining o‘ldirilishi o‘tmishda terrorchilik tahdidi bilan yuzma-yuz kelgan O‘zbekiston uchun ham terrorga qarshi urushdagi yutuqdir.

Unga ko‘ra, Bin Lodinning o‘limi O‘zbekiston Islomiy Harakati va mintaqaga tahdid solib turgan boshqa jangari guruhlarni zaiflashtiradi.

Farhod Tolipov Bin Lodinning sahnadan ketishi bilan AQShning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi kamaymaydi, degan fikrda.

"Hammamiz bilamiz, Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlikdan uzoq va kelayotgan yillarda O‘zbekistonning AQSh bilan terrorga qarshi kurashdagi hamkorligi davom etadi", - deydi tahlilchi.