"Chegara Bilmas Muxbirlar" O‘zbekistonni matbuot dushmanlari ro‘yxatiga kiritdi

Chegara Bilmas Muxbirlar" xalqaro tashkiloti 2010 yil yakunlariga ko‘ra erkin matbuotning dunyodagi 38 dushmani ro‘yxatini e‘lon qildi.

Ro‘yxatga davlatlar va hukumatlar rahbarlari, qirollar, harbiy guruhlar, mafiya to‘dalari va ekstremist tashkilotlar kiritilgan.

Unda Belarus, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari ham bor.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" matbuot dushmanlarini o‘z qudratidan foydalanib tsenzura kiritish, jurnalistlarni o‘g‘irlash, qiynash va o‘ldirishda ayblagan.

Tashkilotga ko‘ra, 2010 yilda dunyo bo‘ylab 102 jurnalist o‘ldirilgan.

Osiyo haliyam jurnalistlar uchun eng xavfli qit‘aligicha qolmoqda - u yerda 40 jurnalist o‘ldirilgan.

"Repressiya dastgohini idora etganlar, fuqaroviy erkinliklar dushmani bo‘lgan rejimlarning siyosiy rahbarlari, jurnalistlarga qarshi kampaniyalarning bilvosita tashkilotchilari - erkin matubot dushmanlaridir," - deb ta‘kidlanadi "Chegara Bilmas Muxbirlar" hisobotida.

Erkin matbuot dushmani

"Chegara Bilmas Muxbirlar" O‘zbekistondagi siyosiy rejim matbuot ustidan nazoratni 2010 yilda yanada kuchaytirganini alohida ta‘kidlaydi.

"Bu politsiya davlati Tarmoqda axborotning tarqalishini ushlashda davom etmoqda va fuqaroviy jamiyatni uyg‘otishga qaratilgan har qanday urinishga - xoh u voqeiy bo‘lsin xoh virtual - to‘sqinliq qilmoqda," deyiladi tashkilotning O‘zbekistondagi matbuotga oid hisobotida.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni har uch oyda 2-3 foizga ortayotgan esa-da, O‘zbekiston Axborot va Kommunikatsiya Agentligi internet sahifalar faoliyatini diqqat bilan nazorat qilib borishini bildirgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar asosan odnoklassniki.ru, mail.ru singari ko‘ngilochar saytlardan foydalanishadi.

Tashkilot shuningdek O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy vaziyatga oid tanqidiy yoda mustaqil xabar va lavhalarni nashr etuvchi ferghana.ru, centrasia.ru, bbcuzbek.com kabi sahifalarga O‘zbekistonda to‘la yoda qisman to‘siq qo‘yilganini yozadi.

O‘zbekiston matbuotida "Prezident Islom Karimovning oilaviy ishlari, uning qizlarining shaxsiy hayoti va bolalar mehnatiga oid mavzularni muhokama qilish mumkin emas... 2005 yilgi Andijon qirg‘iniga bog‘liq har qanday so‘z darhol olib tashlanadi," deyiladi hisobotda.

"Chegara Bilmas Muxbirlar"ning ta‘kidlashicha, o‘zbekistonliklar uzoq paytlardan buyon mazkur mavzularni "jamoat joylarida, ba‘zan o‘zaro suhbatlarda ham muhokama etishdan bosh tortishadi".

"Tsenzura hamma joyda hukmron," deyiladi tashkilot hisobotida.

U O‘zbekistonda tsenzura zamonga moslashib borayotganini yozadi.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" shuningdek O‘zbekistondagi internet kafelar ustidan kuchli nazorat o‘rnatilganiga alohida e‘tibor qaratgan.

"Hukumat matbuot ustidan nazoratni kuchaytiraverar ekan, matbuot orqali erkin fikr bildirish istiqbollari qorong‘uligicha qolaveradi," deya xulosa qiladi "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti o‘z hisobotida.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda matbuot ustidan tsenzura o‘rnatilganiga oid ayblovlarni doimo rad etib keladi.