Andijon xunrezligiga guvoh bo‘lgan Husanboy Ro‘ziyevga savol bering

13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealarga olti yil to‘ladi.

Inson huquqlari tashkilotlari, Andijonda bo‘lgan muxbirlar va voqealarda ishtirok etgan insonlarning aytishicha, o‘zbek hukumati kuchlari Andijon shahridagi Bobur maydonini o‘rab olib, qurolsiz odamlarni o‘qqa tutishi oqibatida yuzlab insonlar halok bo‘lgan.

BBCning bugungi mehmoni Husanboy Ro‘ziyev ana shu voqealarning bevosita guvohi bo‘lgan.

Husanboy Ro‘ziyevga savollaringizni matn ostidagi maxsus forma yoki uzbek@bbc.co.uk adresiga elektron maktub yo‘llash orqali berishingiz mumkin.

Mehmonimiz bilan suhbat 14 may, shanba kuni dasturimizda yangraydi. Suhbat matni bilan ayni sahifamizda juma kun tanisha olasiz.

Qirg‘in

Halqaro tashkilotlar qurbonlar sonini 500 atrofida desa, o‘zbek hukumati bu son 187 ekani va aksar insonlar terrorchilar o‘qidan nobud bo‘lganini aytgan.

Xyuman Rayts Votch kabi nufuzli inson haqlari tashkilotlari Andijonda yuz bergan xunrezlikni "qirg‘in" deya baholagan.

"Bu o‘ldirishlarning ko‘lami shunchalar yirik, va u odam tanlamay, nomutanosib ravishda amalga oshirilganki, uni faqat qirg‘in deya tasvirlash mumkin", deyiladi Xyuman Rayts Votchning "O‘qlar yomg‘irdek yog‘di" nomli hisobotida.

Husanboy Ro‘ziyev ham o‘qlarning yomg‘irdek yoqqanini aytadi.

"Endi u paytda shu darajada otardiki soldatlar, yomg‘ir desangiz adashmagan bo‘lasiz... Ko‘zim bilan ko‘rayapman. Qo‘rquvdan kimnidir ushlaysiz ekan, ikki tomonimda tanimagan odamlarni ushlab olganman, ismini ham bilmayman. Birining peshonasiga o‘q tegdi, birining yuragiga. O‘lishdi shu yerda, yiqildi... O‘rtada men tasodifan tirik qoldim.. Ustimda oq qo‘ylagim bor edi, miya sochilgan, qonga to‘ldi hammayog‘im. Shu darajada hidlanayaptiki... Lekin qo‘rquvning oldida hid e‘tiborsiz ekan", deb eslaydi u.

Husanboy Ro‘ziyev qonli kungacha "akromiy" deya tamg‘alangan tadbirkorning un ishlab chiqarish korxonasida mutaxassis edi.

O‘z rahbariga qarshi ko‘rsatmalar berish yo‘lida dahshatli qiynoqlarga tutilgan va ko‘p muddat kasalxonalarda davolangan Husanboy 13 may o‘qlari yomg‘iridan xorijga qochib omon qolgan qochqinlar orasida.

U bugunda oilasi bilan Gollandiyada istiqomat qiladi.

Lekin Husanboy Ro‘ziyevning xotirasida Andijon voqealari shunchalar tamg‘alanib qolganki, u o‘sha kunni kechagidek eslaydi.

"Asalarining ikkita yashchigining orasidan o‘tgandek o‘tdik. O‘q asalari to‘zigandek chiqayapti ikki tomondan. Asfal'tlardan o‘tlar uchayapti. Ayollar, bolalar, kim to‘g‘ri kelsa o‘layapti..."

Husanboy tirik qolgan odamlar bilan qochib Qirg‘iziston chegarasiga yaqin Teshiktosh qishlog‘iga yetib kelganida yana o‘qqa tutilganini aytadi.

"Bir ayol qo‘limda jon berdi. Ko‘krak qismidan o‘q yegandi, yoshi taxminan 50 yoshlarda edi... Ko‘tarib, o‘tqizgandek, u "Men o‘lmaymana?" dedi. Hammayog‘i qon, oyoqlarigacha qon ivib oqqan. "O‘lmaysiz" dedik. Yaxshiroq tiyab ushlash uchun orqasiga qo‘limni qo‘ysam, orqasida hech narsa yo‘q edi. Qo‘lim ichiga kirib ketdi", deya tasvirlaydi bu xunrezliklarni Husanboy.

Uning Izboskanda qolgan rafiqasi Shahodat va uch farzandi Andijon voqealari ortidan muntazam ravishda bosimlar va tekshiruvlardan azob chekishganini aytishadi.

Shahodat 2007 yil iyunida tazyiqlardan avval Qirg‘izistonga, so‘ngra Qozog‘istonga qochib, va nihoyat Gollandiyada turmush o‘rtog‘i bilan diydorlashishga muvaffaq bo‘ldi.