HRW: ' 6 yil o‘tib ham Andijon hodisalari yuzasidan adolat qaror topmadi'

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotiga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi va AQSh inson huquqlariga oid nihoyatda abgor vaziyat manzarasida O‘zbek hukumati bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishi lozim.

Bu haqda xalqaro tashkilotning Andijon qirg‘inining 6 yilligi sanasi arafasida e‘lon qilgan yangi hisobotida aytiladi.

Ovro‘po Ittifoqi va Amerika Qo‘shma Shtatlari esa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati bilan munosabatlarini yaxshilash harakatiga tushib qolishgandi.

Xalqaro tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Rachel Denberning aytishicha, "ikkovlon O‘zbek hukumatiga inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol amalda o‘zgarmas va dahshatli yovuzlik yuzasidan adolat qaror topmas ekan, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini ochiq-oydin bildirib qo‘yishlari lozim".

"Ham Ovro‘po Ittifoqi va ham AQSh O‘zbek hukumatidan Andijon qirg‘ini va shu paytgacha davom etayotgan tinimsiz qatag‘onlar yuzasidan hisob berishni so‘rashlari lozim," deydi tashkilot vakilasi.

2005 yilning 13 may kunida hukumat askarlarining hech bir ogohlantirishsiz va pala-partish o‘t ochishlari natijasida Andijonda aksariyati tinch namoyishchilardan iborat yuzlab kishilar qurbon bo‘lishgandi.

Oradan 6 yil o‘tib ham, sodir etilgan qotilliklar yuzasidan hech kim javobgarlikka tortilmadi, O‘zbek hukumati ham o‘sha namoyishlarga aloqasi borlikda gumon etilganlar, inson huquqlari faollari va o‘zining tanqidchilariga qarshi davomiy ta‘qiblarini to‘xtatganicha yo‘q, deydi "Human Rights Watch".

Namoyishlarning kuch bilan bostirilishi va O‘zbek hukumatining yuz bergan qirg‘in yuzasidan mustaqil xalqaro tergov olib borilishiga izn bermasligi ortidan 2005 yilning oktyabr oyida Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga jazo choralarini kiritgan va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga oid muayyan mezonlarni belgilab bergandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, O‘zbek hukumati o‘sha mezon darajasida ish olib bormagan bo‘lsa ham, Ovro‘po Ittifoqi bosqichma-bosqich o‘z sanktsiyalarini bekor qilib boradi va 2009 yilda ularni butkul olib tashlaydi.

O‘zbekiston va G‘arblik ittifoqchilari orasidagi munosabatlar o‘z izmiga tushgan esa-da, mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilangani dalolati yoki tinimsiz inson haqlarining toptalishi hollariga e‘tibor qaratishga bo‘lgan siyosiy xohish-irodaning nishonasi yo‘q, deydi "Xyuman Rayts Votch".

O‘zbekiston Afg‘onistondagi xorijiy ittifoq kuchlariga 2009 yildan buyon noharbiy yuklar yetkazib berishda foydalanib kelinayotgan Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘ida muhim o‘rin tutadi.

Biz Reychel Denber xonimni suhbatga tortib, eng avvalo Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga nisbatan so‘nggi mavqei borasidagi fikrini so‘radik:

Rachel Denber: Eng avvalo bir narsani ochiq-oydin qilib olsak: Biz Ovro‘po Ittifoqi va AQSh O‘zbekiston bilan munosabatga kirishmasin, demoqchi emasmiz. Ikki o‘rtada o‘zaro muloqotlar bo‘lishi lozim. Chunki Ovro‘po Ittifoqi, AQSh va boshqa davlatlar shu yo‘l bilan O‘zbekistonni inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglashga undashlari mumkin. Bizning aytmoqchi bo‘lgan gapimiz shuki, o‘zaro munosabatlar chuqurlashmasidan avval, O‘zbekiston hukumati Ovro‘po Ittifoqi va AQSh tomonidan ilgari surilgan mezonlar darajasida inson huquqlari bilan bog‘liq ahvolni yaxshilashi lozim. Ana shu narsa ta‘minlanishi kerak.

BBC: Lekin Afg‘onistondagi xorijiy ittifoq kuchlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan Shimoliy Ta‘minot Tarmog‘i, olmon harbiylari foydalanib kelayotgan Termiz harbiy bazasi kabi masalalar bor. Siz vaziyatni orqaga qaytarib, hammasini ibtidodan boshlay olmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Ya‘ni, xuddi shunday bir holatda ish olib borishingiz lozim bo‘ladi...

Rachel Denber: Gapingiz to‘g‘ri, lekin Ovro‘po Ittifoqi va AQSh O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash yo‘lida qo‘llaridan kelgancha harakat qilayotganliklariga ishontirishlari lozim. Lekin o‘tgan bir necha yilni misol tariqasida olib qaraydigan bo‘lsak, Ovro‘po Ittifoqi yaqqol bu masalada tinch diplomatiya yo‘li ma‘qul, degan mavqe‘ni tutmoqda. Bundan tashqari, inson huquqlari bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarish bu borada muloqotlar olib borildi, degan gap bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ana shu ikki narsa o‘zgartirilmog‘i lozim. Boshqa bir masala shundaki, Termizdagi harbiy bazadan foydalanayotgani uchun Olmoniya O‘zbekistonga juda katta miqdorda ijara haqi to‘lab kelayapti. Olmoniya Afg‘onistondagi harbiylarini ta‘minlashning boshqa yo‘llarini izlashi lozim. Olmoniya hukumati boshqa imkoniyatlarni qidirib ko‘rganmi yoki yo‘qligi, nima uchun alal-oqibat shafqatsiz bir tuzumni dastaklashiga olib kelayotgan Termiz harbiy bazasiga taqalib qolgani, shu tanlovda to‘xtagani biz uchun ham mavhum qolmoqda.

BBC: Ammo Afg‘onistonga ta‘minot yetkazish mumkin bo‘lgan boshqa davlatlarda ham muammolar tiqilib yotibdi. Deylik, asosiy ta‘minot yo‘li o‘tuvchi Pokistonni olib qaraydigan bo‘lsak, u yerdagi inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol ham ko‘ngildagidek emas-ku, to‘g‘rimi?

Rachel Denber: Ha, gapingiz to‘g‘ri. Buni rad etolmayman. Ammo bu yerda so‘z Olmoniya hukumatining qanday mantiq yoki kelishuvlar asosida Termiz harbiy bazasidan foydalanish va u yerda qolishga qaror qilganligi haqida ketayapti. Menimcha, bizning buni bilishga haqqimiz bor.

BBC: Siz O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashda muloqotlar yo‘li ish berishini inkor etmadingiz. Lekin O‘zbekistondagi tuzum nazarda tutilganda, bu narsa ish berarmikan? Misol uchun, O‘zbekiston Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari idoralari bilan olib borgan muloqotlariga qaraydigan bo‘lsak, qanchadan-qancha hujjatlar imzolangan, va‘dalar berilgan, lekin amaldagi vaziyat deyarli o‘zgarmagan, to‘g‘rimi?

Rachel Denber: Alal-oqibat bularning barchasi O‘zbekiston hukumatining siyosiy xohish-irodasiga borib taqaladi. Siz yillab muzokaralar olib borishingiz, ammo ular hech bir samara bermasligi mumkin. Shu sababdan ham, O‘zbekistonning xorijiy ittifoqchilari bu kabi shafqatsiz tuzum bilan muloqotlarini davom etdirish qanchalik vijdoniy ekani borasida bir qarorga kelishlari lozim bo‘ladi. Mana, Ovro‘po Ittifoqini olib qaraylik: Andijon voqealari paytida va undan keyingi xatti-harakatlarining qanchalik shafqatsiz ekanidan kelib chiqib, O‘zbekistonga jazo choralarini kiritgandi. Lekin muammo shundaki, o‘sha paytda Ovro‘po Ittifoqiga raislik qilgan Olmoniya jazo choralari hali to‘liq kuchga kirmay turib, ularni buza boshladi. Endi esa, Ovro‘po Ittifoqida O‘zbekistonga qarshi sanktsiyalar ish bermadi, boshqa yo‘llarni izlashimiz kerak, degan ishonch hukmron. Lekin, yana qaytarib o‘taman, jazo choralari hali ish bermay turib, ularni nazar-pisand qilmaslik boshlangandi. O‘sha paytda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri bo‘lgan va sayohat cheklovi kiritilganlar ro‘yxatini boshlab bergan Zokirjon Almatovning davolanish uchun Olmoniyaga borganini olaylik. Bularning barchasi, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston hukumatiga ham sanktsiyalarning qanchalik jiddiy ekani borasida yaxshigina signal bergan. Keyin esa, O‘zbekiston ittifoqning talablarini tuzuk-quruq bajarmagan esa-da, yilma-yil jazo choralari bekor qilib borildi. Shundan so‘ng, ularning samarasi haqida yana qanday gap ham bo‘lishi mumkin!

BBC: Biroq qizig‘i shundaki, jazo vositasi sifatida sanktsiyalar tanlovidan hali ham voz kechilmagan. Deylik, kechayotgan g‘alayonlar manzarasida Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlarga nisbatan sanktsiyalar joriy etildi. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida kechayotgan voqealar manzarasida O‘zbekiston bilan aloqalarning istiqboliga qanday qaraysiz?

Rachel Denber: Agar xabarlarga qaralsa, Ovro‘po Ittifoqi mulozimlarining mintaqada barqarorlikning kafolati bo‘lganliklari va shu sababdan ham, birlamchi manfaatlariga javob berishini nazarda tutib, o‘ta repressiv davlatlar bilan hamkorlik qilishning kaltafahmlik ekani, uzoqni ko‘zlagan strategiya bo‘lolmasligini anglab yetishmoqda. Chunki olib borilgan qatag‘onlar ham o‘sha davlatlardagi g‘alayonlarda ozmuncha rol o‘ynamagan. Shuning uchun ham Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Yaqin Sharqda yuz berayotgan hodisalardan saboq chiqarib, Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan siyosat yuritishlari lozim. Va o‘ta repressiv tuzumlar haqiqatda ham barqarorlik kafolati bo‘lisharmikan, degan savolni ham o‘zlaridan so‘rab ko‘rishning vaqti yetdi, deb o‘ylayman.