"Har bir o‘zbekistonlik Rossiyadan 511 dollar yuborgan"

Rossiya Markaziy banki e‘lon qilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga 562 million AQSh dollari miqdorida pul yuborilgan.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda naqd pul jo‘natmalari bilan shug‘ullanadigan muassasalar orqali O‘zbekistonga mablag‘ yuborish 2010 yilning birinchi choragiga solishtirganda ko‘paygan.

Rossiya Markaziy banki hisob-kitobiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 46 foizdan ziyodni tashkil etgan.

Markaziy bank Western Union, MoneyGram, UNIStream, Contact, InterExpress, Migom va "Pochta Rossii" singari yigirmaga yaqin muassasalardan olingan hisob-kitoblarga tayanganini ma‘lum qilgan, o‘zbekistonliklarning Opal kabi shirkatlardan xizmatlaridan foydalanishi yoki O‘zbekistonga borayotgan kishilar orqali uylariga pul mablag‘lari yuborishlari ham ma‘lum.

Rossiya Markaziy banki yilning birinchi choragida hisobga olingan 562 million dollar taqsimlanganda kishi boshiga 511 dollarni tashkil etganini bildirgan.

Rossiya rasmiylari mamlakatdan tashqariga pul yuborish bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda, Tojikiston ikkinchi va Ukraina uchinchi o‘rinni egallashini aytadilar.

Rossiyada mehnat qilayotgan tojikistonlik mehnat muhojirlari 438 million, ukrainaliklar 430 million dollarga teng mablag‘ yuborganlari xabar qilingan.

Mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari haqidagi rasmiy ma‘lumot yopiq

O‘zbekiston rasmiylari chetdagi mehnat muhojirlari va ularning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni borasidagi statistik ma‘lumotlarni jamoatchilikka oshkor etmaydilar.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yil mobaynida Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan pullar 1 millard 700 million dollarni tashkil etgan.

Ayni paytda Qozog‘istonda ham ko‘p sondagi o‘zbekistonliklar ko‘p muddatli yoki mavsumiy ishlar bilan mashg‘ulligi, shuningdek, Janubiy Koreya, Ovro‘po va Amerika qit‘asi mamlakatlarida legal va nolegal mehnat muhojirlari mavjudligi hisobga olinsa, O‘zbekistonga yiliga bir necha milliardlab dollar yuborilayotgani ayonlashadi.

Mustaqil iqtisodiy tahlilchilar fikricha, aynan mehnat muhojirlari oilalariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekistonda jamiyatdagi taranglikni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilgan.

Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsulotining 10 foizini mehnat muhojirlari chetdan yuborayotgan mablag‘lar tashkil etadi.

O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsuloti 30 milliard AQSh dollarini tashkil etgani xabar qilingan.