Moskvada o‘zbek huquq faoli qattiq do‘pposlangan

Image caption Bu Bahrom Hamroyevga qarshi Rossiyada uyushtirilayotgan ilk hujum emas

Moskvada "Memorial" inson huquqlarini himoya etuvchi markazining o‘zbekistonlik xodimi Bahrom Hamroyev do‘pposlab ketilgan.

Bahrom Hamroyev Rossiyada yashovchi va ishlovchi markaziy osiyolik muhojirlar, xususan o‘zbekistonlik qochqinlar huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanadi.

Uning BBCga xabar qilishicha, 6 iyun kechqurun o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli binoning pod‘ezdiga kirganida bir yigit liftdan chiqqan va ikkinchisi zinada paydo bo‘lib, uni qattiq do‘pposlashgan.

Hamroyevning aytishicha, ularning qo‘llarida kastet, ya‘ni mushtlashuvda ishlatiladigan to‘rt barmoqqa kiyiluvchi yassi qurol bor edi va shuning oqibatida boshi va yuzi yorilib, ko‘p qon ketgan.

"Slavyan ko‘rinishida edi. Haqiqatan sport bilan shug‘ullanib yurgan yigitlarga o‘xshaydi, yoshlari 25-30ga yaqin. Umuman bironta ham so‘z aytishmadi, juda tezlik bilan bajarishdi ishni. Ahvolim og‘irlashib, hushimni yo‘qotganimdan keyin, gaz ballonchigidan gaz sepib, qochib ketishdi", deydi u.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan "Memorial" markazining Markaziy Osiyo dasturi direktori Vitaliy Ponomarevning aytishicha, hujum oldindan uyushtirilgan bo‘lgan.

Bunga, uning aytishicha, pod‘ezddagi xavfsizlik kameralarining saqich bilan qoplab ketilgani ishoradir.

Bahrom Hamroyevning o‘zi hujum ortida Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati (FSB)turganiga ishonadi.

U hujumning ertasiga Hizbu Tahrir harakatiga a‘zolikda ayblanib qamalgan o‘zbekistonlik Yusuf Qosimoxunovning Rossiyada qochqinlik maqomini olishi yoki olmasligini hal etishi kutilgan mahkama ishiga jo‘nab ketishi kerak edi.

Unga ko‘ra, Yusuf Qosimoxunovning ishi Rossiya FSBsi nazoratida bo‘lgan va bu idora unga O‘zbekistonga topshirilishini aytib ko‘p bosim va tazyiqlar o‘tkazgan.

Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmatining matbuot kotibi xodimi Bahrom Hamroyevning qattiq do‘pposlanishi borasida BBCga biron munosabat bildirishdan bosh tortdi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди