AQSh HRWning Toshkentdagi idorasi yopilganidan tashvish bildirdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasining yopilishidan tashvishda ekanini aytgan.

"Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston Oliy Sudining Toshkentdagi Human Rights Watch idorasini yopish borasidagi qaroridan xavotirda", deyiladi AQSh Davlat Departamenti chiqargan bayonotda.

AQSh Davlat Departamenti voizi muovini Mark Toner Human Rights Watchga o‘xshash nohukumat tashkilotlari butun dunyo bo‘ylab muhim rol o‘ynab kelganini qayd etarkan, bundan keyin tashkilotning O‘zbekistonda faoliyat yuritish imkoniyatidan mahrum etilganidan afsus bildiradi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Oliy Mahkamasi Human Rights Watch mahalliy qonunlarni doimiy ravishda buzib kelgan, degan vaj bilan nufuzli inson huquqlari tashkiloti idorasini yopish haqida qaror chiqargandi.

'Shikoyatga o‘rin yo‘q'

O‘zbekiston Adliya vazirligi inson huquqlarini himoya qiluvchi ushbu xalqaro tashkilot ustidan 2010 yil oxirida Oliy mahkamaga da‘vo arizasi bergandi.

O‘zbekiston Oliy Sudi Adliya vazirligi da‘vosini may oyining oxirida ko‘rib chiqishga kirishgan va 10 iyun kuni tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasini yopish haqidagi so‘rovni qondirgan.

Oliy mahkama hukumi ortidan advokat Sergey Mayorov o‘zlariga mahkama qarori ustidan shikoyat bilan murojaat qilib o‘tirishga ehtiyoj yo‘qligi aytilganini bildirgandi.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘zining Toshkentdagi vakolatxonasini 1996 yilda ochgan, 2007 yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Human Rights Watch tashkiloti vakiliga mamlakatda ish olib borish huquqini beradigan akkreditatsiyani bermagan edi.

2008 yil yozida xalqaro tashkilotning Toshkentdagi akkreditatsiyasiz vakili Igor Vorontsov O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.

O‘tgan yili Human Rights Watchning Toshkentga yuborilgan vakili Stiv Sverdlouning ikki oy mobaynida ruxsatnoma olishni kutishi va mamlakatdan chiqib ketishiga to‘g‘ri kelgandi.

Tashkilotning Toshkentdagi idorasini yopish qarori keng miqyosda qoralangan.

Bu Human Rights Watch tarixida ilk bor hukumat tomonidan tashkilot ishchi idorasi faoliyatini to‘xtatishga majburlash ekani aytilgan.

Tashkilot rasmiylariga ko‘ra, Human Rights Watchning mamlakatdan quvib solinishi O‘zbekiston hukumati inson huquqlari sohasidagi tanqidga toqat qilmasligini namoyish etgan, ammo bu tashkilotning O‘zbekistondagi inson huquqlari poymol etilishi hollarini kuzatishga qaratilgan faoliyatiga ta‘sir qilmaydi.