Ochlik e‘lon qilgan jurnalistlar: aftidan bizni ruhiy bemorga chiqarishmoqchi

O‘zbekiston teleradiokompaniyasining besh kundan buyon ochlik e‘lon qilgan sobiq jurnalistlari Malohat Eshonqulova hamda Saodat Amonova salomatliklari yomonlashgan.

O‘zlarini yomon his qilgan jurnalistlarni ko‘rish uchun kelgan "Tez tibbiy yordam" shifokori Malohat Eshonqulovaga nevroz tashxisini qo‘yib ketgan.

Ikki jurnalist bundan "bizni ruhiy bemor deb e‘lon qilmoqchilar", degan xulosaga kelganlar.

Saodat Amonova va Malohat Eshonqulovaning BBCga aytishlaricha, 30 iyun tungi soat 8 lardan keyin shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘lganlar.

"Shifokorga yuragim tez urayotganini aytdim", deydi Malohat Eshonqulova.

Malohat Eshonqulovaning uyiga kelgan "Tez tibbiy yordam" shifokori Malohat Eshonqulovaning qon bosimi ko‘tarilib ketganini va ukol qilish kerakligini aytgan.

Ukoldan keyin "yuzim va og‘zimdan olov chiqib ketgandek bo‘ldi va men ukol yana reaktsiya bergan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, uni to‘xtatishni talab qildim", deydi Malohat Eshonqulova.

Shundan keyin jurnalistning ahvoli yanada yomonlashgan va shifokordan o‘zining tashrifi haqidagi qayd hujjatini qoldirib ketishni so‘ragan.

"Ahvolim yomon bo‘lgani uchun chaqiruv qog‘oziga doktor nima deb yozib ketganini o‘qiganim yo‘q. Oradan bir necha soat o‘tganidan keyin o‘qib ko‘rsam "nevroz" deb yozib ketipti", deydi Malohat Eshonqulova.

Jurnalistlarning aytishlaricha, ochlik e‘lon qilganlaridan buyon ko‘p martalab shifokor chaqirishga majbur bo‘lmoqdalar va bunday yolg‘on tashxis qo‘yilganidan shifokorlarga ham bosim bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelganlar.

To‘rt marta "nevroz tashxisi qo‘yilishi oqibati

"Shifokorlardan birining aytishicha, agar uyiga "Tez tibbiy yordam" chaqirilgan mijozga uch marta "nevroz" tashxisi qo‘yilsa, to‘rtinchi marta kelgan shifokor uchastka militsiya nozirini chaqirib, bu bemorni g‘ayriixtiyoriy ravishda ruhiy shifoxonaga yotqizish huquqiga ega. O‘ylaymizki, bizni ruhiy kasalxonaga yotqizishga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar", deb aytishdi jurnalistlar.

27 iyun kuni - O‘zbekistondagi ommmaviy axborot vositalari xodimlari kunida Saodat Amonova hamda Malohat Eshonqulova o‘zlariga nisbatan bo‘layotgan tazyiq va tahdidlardan shikoyat etib, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga murojaat etishgan, "televideniyedagi nohaqliklar, tsenzura, korruptsiya va mahalliychilikka e‘tibor qaratishni" so‘rashgandi.

Toshkentdagi prezident devoni oldida norozilik tadbiri uyushtirishga uringan jurnalistlar militsiya bo‘limiga olib ketilib, tushuntirish xatlari yozish so‘ralgan edi.

Shundan keyin O‘zbekiston televideniyesining ikki jurnalisti ochlik e‘lon qilganlar.

O‘zbekiston prezidenti devoni qarshisida norozilik amaliyotini uyushtirgani uchun Malohat Eshonqulova va Saodat Amonovani "namoyish o‘tkazish tartibini buzganlik"da ayblab, qariyb 3 million so‘mlik jarimaga tortishdi.

Xalqaro "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti o‘zbekistonlik jurnalistlar jarimaga tortilgani qarorini qoralab chiqdi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko‘ra, Amonova hamda Eshonqulovaga bunday munosabat davlat matbuotida faoliyat yuritadigan boshqa jurnalistlarni qo‘rqitib qo‘yish qilingan.

"O‘zbek hukumati ochiq gapiradigan jurnalistlarni ovozini o‘chirish uchun qamoq jazolari va nomaqbul munosabatni qo‘llaydi. O‘zbekistonda hozirda kamida 11 matbuot xodimi hibsda qolmoqda", deb aytgan "Chegara bilmas muxbirlar" o‘z bayonotida.

Malohat Eshonqulova va Saodat Amonova ochlik amaliyotining beshinchi kunida ham O‘zbekiston rasmiylari hech qanday munosabat bildirishmagan.