O‘zbek prezidentidan ochlikni davom ettirayotgan jurnalistlarga e‘tibor berish so‘ralmoqda

Image caption Saodat Omonova "Davr" dasturining o‘zbek parlamentidagi muxbirlik vazifasidan chetlashtirilgan

O‘zbekistonlik qator jurnalistlar va inson huquqlari faollari sakkiz kundirki ochlik e‘lon qilib kelayotgan ikki jurnalist Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovaning taqdiriga zudlik bilan e‘tibor qaratishini so‘rab Prezident Islom Karimovga ochiq maktub yo‘llashgan.

Maktub mualliflari orasida, jumladan, mustaqil jurnalistlar Galima Buxarbayeva, Shohida Yoqub, Sid Yanishev, hamda Umida Niyozova va Abdurahmon Tashanov kabi inson haqlari faollari bor.

O‘zbekistondagi "Yoshlar" telekanalining "Davr" xabarlar dasturi muxbirlari Omonova va Eshonqulova O‘zbekiston Davlat Teleradiokompaniyasidagi, o‘z ta‘birlarida, poraxo‘rlik, mahalliychilik va tsenzuraga qarshi norozilik izhor etib 27 iyunda ochlik e‘lon qilishgandi.

Ochlik e‘lon qilishdan avval ikki jurnalist O‘zbekiston Davlat Teleradiokompaniyasi ustidan shikoyatlarini tinglashni so‘rab o‘zbek prezidentiga 56ta maktub va telegrammalar jo‘natishgani, biroq ularning bari javobsiz qolganini bildirishgan.

Ikki jurnalist 2010 yil dekabridan beri o‘z ish joylaridagi muammolar haqida televideniye rahbariyatini ogoh qilishga uringanlari, biroq so‘ngra bosim ostiga olinib, ishdan chetlatilganlarini xabar qilishgandi.

Ular ishdan chetlatilganlaridan so‘ng ham rasmiylar tomonidan bosim tugamagani, xususan ularning Toshkentda yashash uchun olgan ruxsatnomalari bekor qilinganini bildirishgan.

Omonova va Eshonqulovalarga dastak izhor etib bugun yo‘llangan maktubda mustaqil jurnalistlar va faollar O‘zbekiston prezidentini matbuot erkinligini amalda ta‘minlashga chaqiradi.

"O‘zbekiston Konstitutsiyasi va matbuot erkinligi haqidagi qonunda tsenzura man etilganiga qaramay, O‘zbekistonda matbuot byurokratlarning mutlaq nazorati ostida. Shuning natijasida O‘zbekiston matbuoti mamlakatdagi voqe‘likdan butkul uzilgan holda, boshqa bir parallel dunyoda yashab kelayotgan ko‘rinadi. Siz bir necha bor matbuot erkinligiga chaqirgansiz. Siz jurnalistlarni mamlakatdagi vaziyatni yoritish yo‘lida ko‘proq tashabbus va jasorat ko‘rsatishga chaqirgansiz. Biroq, haqqoniy va professional ravishda ishlashga uringan o‘sha jurnalistlarning huquqlari va erkinliklari amalda hech qachon ta‘minlanmagan", deyiladi ochiq maktubda.

Prezidentga maktub mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistonda diktatura va byurokratlarga qarshi kurashning demokratik yo‘llari ta‘minlanmagani bois xalq norozilik namoyishlari, piketlar va ochlik amallarini o‘tkazishga majbur ekani aytiladi.

"Bu ikki jurnalist e‘lon qilgan ochlik O‘zbekistondagi inson huquqlari muammosiga sizning diqqatingizni tortishning yagona yo‘li bo‘lsa kerak. Biz aynan siz, Konstitutsiyaga kafil sifatida, Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova hayotlari uchun javobgarsiz deb ishonamiz", deyiladi murojaatnomada.

Ayni damda ochlik e‘lon qilgan jurnalistlarning salomatliklari yomonlashgan.

Uch kun avval o‘zlarini yomon his qilgan jurnalistlarni ko‘rish uchun kelgan "Tez tibbiy yordam" shifokori Malohat Eshonqulovaga nevroz tashxisini qo‘yib ketgan.

Ikki jurnalist bundan "bizni ruhiy bemor deb e‘lon qilmoqchilar", degan xulosaga kelganlar.