Odil Ahmedov: "Arsenalning menga qiziqish bildirgani rost gap"

"Paxtakor" jamoasining sobiq sardori va O‘zbekiston milliy terma jamoasining yulduz o‘yinchilaridan Odil Ahmedov Londonning "Arsenal" klubi o‘ziga qiziqish bildirayotganini shaxsan tasdiqladi.

"Arsenal" vakillari menga rostdan ham qiziqish bildirishdi, ular mening hamma o‘yinlarimni diqqat bilan o‘rganishyapti", deb aytgan Odil Ahmedov.

O‘zbekistonlik yulduz futbolchining aytishicha, "Anji"(Maxachqal‘a)dagi o‘yinidan tashqari, so‘nggi Osiyo Kubogidagi ishtiroki ham londonlik skautlarning e‘tiboridan chetda qolmagan.

Londonning "Arsenal"i rasman taklif bilan chiqqan taqdirda, Odil Ahmedov Angliya premьerligasiga o‘tgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ladi.

Chunki shu paytgacha o‘zbekistonlik biror bir futbolchi Angliya premьerligasida to‘p surgan emas.

Odilning imkoniyatlari

Image caption O‘zbekistonlik tahlilchilar Odil Ahmedov "Arsenal"ga munosib o‘yinchi ekanini ta‘kidlashadi

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov "Arsenal" klubining hamsohiblaridan sanaladi.

U o‘zining biznes hamkori Farhod Moshiriy bilan birga "Arsenal"ning ikkinchi eng yirik hissadoridir.

Alisher Usmonov yaqinda klubning Angliya premьerligasida ko‘rsatayotgan so‘nggi o‘yinlaridan norozi ekani, bunga klub Direktorlar kengashi aybdor ekanini aytgandi.

Ingliz futbolining ko‘zga ko‘ringan jamoalaridan bo‘lgan "Arsenal" o‘tgan olti yil badalida biror bir yirik sovrinni qo‘lga kiritolmagan.

Rossiyalik milliarder vaziyatni o‘nglash uchun hissadorlarni "Arsenal"ga ko‘proq sarmoya kiritishga undagandi.

Janob Usmonov, o‘z o‘rnida, "Arsenal"ning kuchli yarim himoyachiga ehtiyoji borligini aytib ham ta‘kidlab o‘tgandi.

Maydonning har bir nuqtasida qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatishga qanchalik qodir ekanini so‘nggi Osiyo Kubogida keragicha namoyish etgan Odil Ahmedov esa, aynan O‘zbekiston milliy terma jamoasining yarim himoyachisi hisoblanadi.

Ustiga ustak "Arsenal" sardori Sesk Fabregasning "Barselona"ga qaytish istagi klub rahbariyatini qiyin ahvolda qoldirgan.

So‘nggi yangiliklar futbol olamida yozgi oldi-sotdilar qiziy boshlagan bir pallada o‘rtaga chiqmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev Odil Ahmedov mahorat va o‘yinni boshqarish jihatdan "Arsenal"ga munosib o‘yinchi ekanini aytadi.

"Odil Ahmedov potentsiali jihatidan dunyoning istalgan jamoasida o‘ynab keta olishi mumkin, ayni o‘rinda faqat muhitga qanchalik moslashib keta olishi omilini hisobga olish kerak. Chunki Odil birinchi marta xorijga chiqdi, Rossiya jamoalarida o‘ynadi. Hozir "Anji" tarkibidagi muqim o‘yinchiga aylandi. Rossiyalik futbolchilarning Angliya premьerligasida asosiy tartibda bemalol o‘ynayotganliklarini nazarda tutsak, Odil ham bemalol o‘ynab keta olgan bo‘lardi", deydi sharhlovchi.

Qiziqish

Image caption Odil Ahmedov hozir Maxachqal‘aning "Anji"sida, Roberto Karlos kabi dunyo futboli yulduzlari bilan yonma-yon to‘p suradi

Bundan bir oycha burun O‘zbekiston Futbol Uyushmasi prezidenti Mirabror Usmonov "Arsenal"ning Odil Ahmedovga qiziqish bildirayotganiga oid xabar bilan chiqqandi.

Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogidagi qoyilmaqom o‘yini ortidan, Odil Ahmedov so‘nggi mavsumni Maxachqal‘aning boyvachcha "Anji" klubida ijarada o‘tkazdi.

Hozirda dog‘istonlik milliarder sohiblik qilayotgan klub jahon futboli yulduzlaridan braziliyalik Roberto Karlosni ham sotib olgan.

Xabarlarda aynan kubok o‘yinlarida ko‘rsatgan mahorati "Arsenal"ning Odil Ahmedovga qiziqish bildirganiga sabab bo‘lgani aytilgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2010 yilgi Osiyo Kubogida o‘z tarixida ilk bor yarim finalga ko‘tarilib, qit‘aning yuqori to‘rtligi saflariga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Buning ortidan Odilga Ovro‘po, Rossiya, Turkiya va qator arab davlatlarining yetakchi klublari qiziqish bildirishgandi.

O‘zbekistonlik yulduz futbolchi ham so‘nggi yillarda o‘zining Ovro‘po maydonlarida to‘p surish istagi borligini oshkora bayon qilib keladi.