Ovro‘po Ittifoqi Lola Karimov rahbarligidagi xayriya tashkilotiga grantini to‘xtatib turadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Nadejda Atayeva Parijdagi mahkamada guvoh sifatida qatnashgan

Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekiston Prezidentining kenja qizi Lola Karimovaga tegishli xayriya markaziga 3.7 million yevro ajratishni to‘xtatib turishga qaror qilgan.

Bunday qaror yordam pulining to‘g‘ridan-to‘g‘ri Lola Karimova rahbarlik qiladigan tashkilotga yetib borayotgani keng jamoatchilikka oshkor bo‘lishi ortidan olingan.

Avvalroq, Ovro‘po Komissiyasi voizi BBCga mazkur mablag‘ning grant emasligi, balki Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik loyihalardan biri bo‘lganini aytgandi.

Parijdan inson huquqlari faoli Nadejda Atayeva ayni ishni yaqindan kuzatib keladi. U BBC bilan suhbatda Ovro‘po Ittifoqi hozirda ichki tergov boshlagani va O‘zbekistonga berilajak grantlar yuzasidan maxsus guruh tashkil etganini aytdi:

Nadejda Atayeva: Hozirning o‘zida Ovro‘po Parlamentining besh a‘zosi doxil monitoring guruhi tashkil etilmoqda. Ushbu parlament vakillari korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga egalar. Monitoring guruhi O‘zbekistonga beriladigan yordamning amalda hukumat hamyoniga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri nodavlat tashkilotlariga yetib borishini ta‘minlovchi mexanizmni ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Bunday guruh tuzish tashabbusi bilan bizning tashkilot va Olmoniyaning "Tranzishional" tashkiloti chiqqan.

BBC: Ammo, Ovro‘po Komissiyasi O‘zbekiston Prezidentining kichik qizi Lola Karimova boshchiligidagi xayriya markaziga ajratilajak 3.7 million yevroning amalda grant emas, balki Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan bir loyiha qiymati ekanini aytib keladi. Qolaversa, Ovro‘po Komissiyasiga ko‘ra, mazkur yordam puli ochiq konkurs yo‘li bilan taqsimlanar ekan-ku...

Nadejda Atayeva: Bu yerda nima deyish mumkin? Ovro‘po Ittifoqi Lola Karimova boshchilik qilgan tashkilotga alohida marhamat ko‘rsatgan. Ochiq tanlov haqida bu yerda gap bo‘lishi ham mumkin emas. Bilasizmi, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Lola Karimova qaramog‘i ostidagi nogiron bolalarga g‘amxo‘rlik markazi tuzilgan bir paytda ko‘p yillardan buyon aynan nogiron bolalarga yordam berish bilan shug‘ullanib kelgan yuzlab nodavlat tashkilotlar berkitildi. Menimcha, Ovro‘po Ittifoqi, aniqrog‘i bu haqda gapirayotgan tashkiloti, bu yerda bir oz ayyorlik qilayapti. Yordam pulini ajratishda Toshkentdagi Ovro‘po Uyining yaxshi ishlamagani bilinib qolgan. Menimcha, Lola Karimova yordam pulini 2010 yilda qandaydir tanlov yo‘li bilan emas, balki O‘zbekistondagi hukumatga bog‘liq bo‘lgani uchun olgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи lolakarimova.com
Image caption Lola Karimovaning himoyachisi Parijdagi mahkamada OIning 3.7 million yevro granti Karimova xonimga tegishli xayriyaga berilganini ma‘lum qilgandi

BBC: Sizga bunga isbot bormi? Dalillar bormi?

Nadejda Atayeva: Bu yaqqol ko‘rinib turibdi-ku. Men sizga aytayapmanku, bizda bor ma‘lumotlarga ko‘ra, 2004 yildan 2007 yilga qadar O‘zbekistonda aynan insonpvarlik sohasida ishlagan 400dan ortiqroq tashkilot yopilgan. Aynan 2004 yilda nogiron bolalarga g‘amxo‘rlik markazi ochilgan. Bu markaz - O‘zbekiston hukumatiga qarashli tashkilotlardan biri. Nima uchun O‘zbekistonda fuqaroviy jamiyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan grantni hukumat tashkiloti olayapti? Sizga bu Ovro‘po Ittifoqining noxolis yondashuvi bo‘lib ko‘rinmayaptimi?

BBC: Ammo, Ovro‘po Ittifoqi yordam pulini taqsimlashda nodavlat tashkilotlar o‘rtasida ochiq tanlov bo‘lganini aytadi...

Nadejda Atayeva: Lekin, bu ochiq konkursda ishtirok etgan nodavlat tashkilotlari kimlar ekani sizga ma‘lum-mi? Misol uchun, bu bizga ma‘lum emas. Biz buni aniqlay olmadik. Biz Lola Karimovaning 3 million 700 ming Yevro olganini tasodifan bilib qoldik.

BBC: Qanday qilib?

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Mahkamada taqdim etilgan maktub

Nadejda Atayeva: 2011 yil 19 mayida Parijda Fransaning Rua-89 nashriga qarshi Lola Karimova arizasi bo‘yicha mahkama ishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mahkamada Lola Karimova shikoyatining birinchi qismi bo‘yicha men guvoh sifatida ishtirok etdim. Unda Lola Karimova nashr uni "diktatorning qizi" deb atagani uchun e‘tiroz bildirgandi. Men Islom Karimov oilasiga qarashli uchta insonparvarlik tashkiloti borligini aytdim: birinchisi uning xotini Tat‘yana Karimovaga qarashli; ikkinchisi - Fond Forumga uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova rahbarlik qiladi; va nihoyat, Lola Karimova rahbarlik qilgan "Sen Yolg‘iz Emassan" fondi. Men ushbu fondlarga tadbirkorlardan tortib olingan pullar kelib tushishi haqida dalillar keltirdim. Shunda Lola Karimovaning advokati e‘tiroz bildirib, "sizning dalillaringiz asossiz, Lola Karimovaga tegishli insonparvarlik fondini Ovro‘po Ittifoqi moliyalashi aniq", dedi. So‘zining isboti uchun Toshkentdagi Ovro‘po Uyi direktorining maktubini ko‘rsatdi. Maktubda Lola Karimovaga Ovro‘po Ittifoqidan berilgan grantlar haqida so‘z boradi. U ushbu pullarning birinchisini 2008 yilda, ikkinchisini esa, 2010 yilda olgan. Advokat pullar Lola Karimova hisobiga 2011 yilda kelib tushishini ma‘lum qildi.

BBC: Siz bu pullarning O‘zbekistondagi nogiron bolalarga yetib bormasligini qayerdan bilasiz?

Nadejda Atayeva: Bu mablag‘lar nogiron bolalarga ajratilsa ham, biz barcha insonlar Konstitutsiya bo‘yicha barobar ekaniga oid masalani ko‘tarib chiqayapmiz. Biz Lola Karimova faqat o‘zi va otasi mansab vakolatlaridan foydalanib, yordam pulini olishiga qarshimiz. Biz Ovro‘po Ittifoqi yordamlari tanlov yo‘li bilan emas, balki barcha nodavlat tashkilotlariga bir xil shartlarda berilishini istaymiz.