O‘zbekiston musulmonlar idorasi "Baxshillochilik"dan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda

O‘zbekistondagi masjidlarda Juma namozi ma‘vizalarida musulmonlar "Baxshillochilik" adashgan guruhidan ogohlantirilmoqdalar.

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi rahbari o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansurning aytishicha, Juma namozi ma‘ruzalariga asli buxorolik Baxshillo Aliyevning o‘zini so‘nggi payg‘ambar, Mahdiy deb e‘lon qilgani va ayrim musulmonlarning bu soxta payg‘ambarga ergashayotganlari sabab bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, Baxshillo Aliyev rafiqasini "musulmonlar onasi", farzandlarini "musulmonlarning amiri" deb e‘lon qilgan, kimki uni ziyorat qilsa, Haj amali savobiga erishishini da‘vo qilgan.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi bunday da‘volarning Islom diniga zid ekanini eslatgan.

Baxshillo Aliyevning 2006 yildan buyon Rossiya Federatsiyasi hududida istiqomat qilayotgani xabar qilingan.

Diniy idoradan bildirishlaricha, O‘zbekistonning Buxoro viloyatida "Baxshillochilik" guruhining 70 tacha a‘zosi borligi aniqlangan, biroq Rossiyada Baxshillo Aliyevga ergashgan insonlar soni ma‘lum emas.

"Baxshillochilik" guruhi 1997 yilda tashkil etilgani aytiladi.

Shundan so‘ng Baxshillo Aliyev ozodlikdan mahrum etilgan.

Ozodlikka chiqqanidan keyin u Rossiyaga ko‘chib ketgan va hozir ham payg‘ambarlik da‘vosini qilayotgani xabar qilingan.

"Baxshillochilar o‘zlarining musulmon ekanliklarini da‘vo qilsalar-da, aslida ularning diniy-aqidaviy qarashlari asl Islom ta‘limotiga butkul ziddir. Bunga Baxshilloning Mahdiylik, payg‘ambarlik, Haj, namoz, oxiratdagi savol-javob kabi aqidaviy masalalardagi botil iddaolari dalil bo‘ladi", deyiladi Diniy idora bayonotida.

Islom ta‘limotiga ko‘ra, Qiyomatga yaqin insonlarni yaxshilikka chorlaydigan, odamlarni bir din bayrog‘i ostida birlashtiradigan Mahdiy keladi.

O‘zbekiston Musulmonlari Diniy idorasiga ko‘ra, Baxshillo Aliyev Islom dini aqidasi va hadislarni nazar-pisand qilmay, asossiz ravishda o‘zini musulmonlar tomonidan oxirzamon arafasida paydo bo‘lishiga ishoniladigan Mahdiy deb e‘lon qilgan.