Сўнгги янгиланиш 13 июл 2011 - 12:25 GMT

"Oq oltin"dan o‘zbek dehqoni kosasi qachon oqaradi?

Aksar kuzatuvchilar nazdida, O‘zbekistondagi paxtachilikdan fermer va dehqonlar emas, balki hokimiyatdagi bir hovuch elita foyda ko‘rmoqda.

"Fermerlik qilib o‘tkazgan o‘n yil umrimga achinaman. Esiz, bekor ketdi".

Jizzaxlik Ma‘mur Azimov fermerlik qilgan yillarini ana shu qisqa jumlada ifodalaydi. Sobiq tadbirkor va mahalla faoli Ma‘mur Azimov 90-yillari fermer xo‘jaliklari tuzilishi bilan 10 gektar yer olib, ish boshlagandi.

"Ammo yil sayin fermerlar uchun cheklovlar, ular ustidan nazorat kuchaya boshladi" - deydi suhbatdoshim -"Nima ekishni, hosilni kimga va qanchadan sotishni ham fermerlar hal qila olishmaydi. Faqat paxta va g‘alla ekiladi. Biroq paxta tannarxi davlat sotib oladigan bahoga mutanosib emas".

Fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish boshlanishi bilan, Ma‘mur Azimov o‘z yerini topshirib, fermerlikdan voz kechdi. U hozir tomorqasida issiqxona tiklab, pomidor yetishtirmoqda.

"Shu besh sotix yerdan yarim yilda oladigan foydani solishtirsam, 10 gektar yerda fermerlik qilib topgan bir yillik daromadimga teng ekan. Buning ustiga erkinman" - deb aytadi sobiq fermer - "Fermerlik ortidan foyda olmadim. Faqat qora qozonimiz qaynardi".

O‘zbekistonda biz gaplashgan boshqa fermerlar ham juda kam foyda ko‘rishayotganini, nima ekish, kimga va qanchadan sotishni faqat davlat hal qilishini aytadilar. Biroq Jizzaxga tutash Janubiy Qozog‘iston fermerlari boshqacha manzarani chizishadi.

"To‘rt-besh nafar og‘ayni birgalikda fermerlik qilamiz. Paxta, beda ekamiz. Ammo hech kim bizga nima ekasan, kimga sotasan va yoki qanchadan sotasan, deb buyruq bermaydi. Erkinmiz" - deb aytadi idoradagi toza ishini fermerlikka almashtirgan sobiq iqtisodchi Haydarali Oripov - "Xudoga shukur, fermerlik qilib, mashina oldim, uyimni yangiladim".

Qozog‘istonlik suhbatdoshimning ta‘kidlashicha, bugun ularga imtiyozli kreditlar, yoqilg‘i va o‘g‘itlar uchun katta foizli chegirmalar beriladi. Hozir Rossiya va Belarus bilan Qozog‘iston o‘rtasida yagona boj tizimi ishga tusharkan, endilikda qovun ekib, hech bir to‘siqsiz Belarus va yo Rossiyaga bozorlariga olib borib, sotish niyatida.

"Fermerlik erkin ish-da" - deydi qozoq suhbatdoshim -"Buning ustiga neft pullari bo‘lgani uchun Qozog‘iston hukumati fermerlarga ham subsidiyalar ajratadi".

Qo‘shni O‘zbekiston ham chetga oltin, gaz va paxta sotadi. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini isloh etmayapti, fermerlarga erkinlik bermagan va arzon ishchi kuchi sifatida yuz minglab yosh bolalarni paxta dalalarida ishlatmoqda.


'Paxta o‘rniga meva ekish kerak'

"O‘zbekiston istasa, o‘z qishloq xo‘jaligini isloh eta oladi. To‘g‘ri, bu uchun pul kerak. Lekin chetga paxta va boshqa mahsulotlar sotayotgan O‘zbekistonda bunday mablag‘ bor" - deb aytadi "Tabiatga Adolat" xalqaro tashkilotidan Stiv Trent -"Paxtadan tushayotgan daromadning juda ham kam qismi O‘zbekistonda dehqonlar hayotini yaxshilash va yoki qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirishga sarflanmoqda, xolos".

"Aftidan, hokimiyatda o‘tirgan odamlar o‘z shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yib, O‘zbekiston xalqi kelajagani o‘ylayotganga o‘xshamaydi".

Dehqonchilik O‘zbekiston iqtisodida muhim o‘rin tutadi. Lekin ne bois bugun hukumat o‘zi uchun muhim bo‘lgan ziroat sohasini isloh etmayapti, degan savol o‘rtaga chiqadi.

O‘zbek fermerlari ularning biri ikki bo‘lmayotganini, topganlarini amal-taqal qilib, oziq-ovqatga yetkazishayotganini aytadilar.

"O‘zbekistondagi mavjud paxtachilik sanoatidan uni yetishtirgan dehqon yo fermer emas, balki hokimiyatda o‘tirgan bir hovuch elita foyda ko‘radi" - deya bu savolga javob beradi bir necha yil O‘zbekistonda ishlagan britaniyalik tahlilchi Jon Makkarti - "Hozir yerdan foydalanish qoidalari o‘zgartirilsa, u holda O‘zbekiston aholisi, dehqonlar foyda ko‘ra boshlashadi. Biroq unda hokimiyatdagi elita paxta savdosidan manfaat ko‘rmay qoladi".

Aksar sahrodan iborat O‘zbekistonda unumdor yerlar kam qolmoqda, aholi soni esa katta. Mamlakatda sahrolashish kuchli, yer sho‘rlanishi ham ulkan muammo. Buning ustiga, suvtalab paxta uchun kerakli suv, asosan, qo‘shni mamlakatlardan keladi.

O‘zbekistonda hozir Sovet davridagi paxtachilik miqyosi sezilarli qisqargan. Ammo bu mamlakatda oziq-ovqat ishlab chiqarishni kuchaytirish uchun paxtachilikni yanada kamaytirish zarur, degan fikrlar aytila boshlangan.

"Paxtaning narxi hozir boshqa meva-sabzavotga qaraganda ancha yerga urilgan. Deylik, uzum yo kishmish narxi paxtadan ko‘ra qimmat" - deb aytadi ishbilarmon va iqtisodiy maslahatchi Anvar Husaynov -"Jahondagi o‘zgarishlarga qarab, biz ham paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga o‘rik, shaftoli ekishimiz, yong‘oqzor va bog‘lar tashkil etishimiz kerak".

Suhbatdoshimga ko‘ra, paxta dalalari o‘rnida mevazor bog‘lar yaratilsa, bir necha baravar kam suv ishlatib, ko‘proq hosil olish mumkin.

"Uch-to‘rt yil ichida meva-cheva ortidan keladigan daromad paxtadan ham oshib ketishi mumkin" - deydi Anvar Husaynov - "Yildan-yilga paxtaga ketadigan mehnat va o‘g‘itlar qimmatlab, paxta tannarxi oshib bormoqda. Lekin paxta tolasi narxi bu tezlikda o‘sayotgani yo‘q".

Uch yil oldin jahonda oziq-ovqat narxlari qimmatlab ketishi ortidan, O‘zbekistonda ham endi paxta emas, balki oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ko‘proq ahamiyat berilsa kerak, degan umidlar paydo bo‘lgandi.

Lekin paxta bu mamlakatda hamon eng muhim ekin sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbekistondagi oziq-ovqat narxlari esa ba‘zida boy g‘arb o‘lkalariga tenglashib qolgan. Natijada, ko‘plab o‘rtahol o‘zbekistonliklar mavsumdan tashqari oddiy meva yo sabzavot sotib olib yeyishga ham qiynaladilar.

* http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/07/(none)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.