O‘zbekiston: zilzila talofotlari miqyosini aniqlash davom etayapti

19 iyuldan 20 iyulga o‘tar kechasi ro‘y berib, 14 inson umriga zomin bo‘lgan zilzila tufayli yetkazilgan shikastlar miqyosini aniqlash Farg‘ona viloyatida davom etmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, mahalliy hokimiyat idoralari hamda mahalla faollari uyma-uy yurib, zararlarni aniqlashayapti. Ammo qaysi uyga qanday shikast yetgani rasmiylar tomonidan aniqlanishini ham kutmasdan, odamlar o‘zlarining uylari devorlaridagi yoriqlarni suvab, oqibatlarini bartaraf etishga urinayaptilar, deydi farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 20 iyul kuni e‘lon qilgan xabarda yer qimirlashi tufayli 13 inson halok bo‘lgan, 86 kishi jarohatlangan.

Vazirlik vayronalar miqyosi haqida ma‘lumot bermagan, bugungi kunda ham jamoatchilik so‘nggi yillardagi oxirgi halokatli zilzila talofotlari haqida boxabar etilmagan.

Tojikiston rasmiylari Xo‘jand shahrida yer silkinishi payti yuqori qavatdan sakrab halok bo‘lgani haqida ma‘lum qilganlar.

Ayni paytda qo‘shni mamlakatlar rahbarlari O‘zbekiston rahbariyatiga tabiiy ofatda insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan ta‘ziya izhor etganlar, o‘z yordamlarini taklif etganlar.

Jumladan, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan telefon orqali so‘zlashuvida "zilzila oqibatlarini bartaraf etishda keng qo‘llab-quvvatlov hamda yordam taklif etgan", deb xabar qiladi Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati.

Zilzila epitsentri Farg‘ona shahridan 42 kilometr uzoqlikda, Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumani Sovetskoye qishlog‘ida bo‘lgan.

Toshkent Zilzilashunoslik institutiga ko‘ra, epitsentrda silkinish kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 8 ballni tashkil etgan.

Qirg‘iziston Favqulodda holatlar vazirligiga ko‘ra, yer qimirlashi oqibatida Botken viloyatida 30 dan ortiq ma‘muriy, 500 dan ziyod turar-joy binolari shikastlangan, ularning 200 dan ortig‘i qattiq buzilgan, O‘sh viloyatida 110 tadan ko‘p bino shikastlangan.

Qirg‘iz rasmiylari Qadamjoyda uyi shikastlanganlar uchun chodirlar qurib berilganini ma‘lum qilganlar.

O‘zbekistonda esa eng ko‘p zararlar Farg‘ona viloyatining Rishton, Farg‘ona, Bag‘dod va O‘zbekiston tumanlarida kuzatilgan.

Farg‘ona tumani Soybo‘yi qishlog‘ilik kishining BBCga aytishicha, birgina shu qishloqning o‘zida 200 dan ortiq turar-joy binosiga jiddiy zarar yetgan.