O‘zbekiston qozoq alpinistlarini davlat chegarasini buzishda ayblamoqda

Image caption Sayram tog‘lari O‘zbekiston hududlariga tutashib ketgan

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari qozog‘istonlik alpinistlarni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish va qurol olib kirishda ayblashmoqda, deb aytdi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ilyas Omarov BBC bilan suhbatda.

Uning bu sharhi Qozog‘iston hukumati qozoq-o‘zbek chegara hududida O‘zbekiston chegarachilari tomonidan hibsga olingan 12 qozog‘istonlik alpinistni ozod etish harakatlarini kuchaytirgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga nota yo‘llab, 12 Qozog‘iston fuqarosining hibsga olinishi yuzasidan izoh talab qilgan.

Qozog‘iston say-harakatlarini mamlakat Bosh vaziri Karim Masimovning shaxsan o‘zi nazorat etmoqda.

Shu oyning 10-sida Chimkent shahrida istiqomat qiladigan alpinistlar guruhi Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasiga yaqin Sayram cho‘qqisiga chiqishga qaror qilib, yo‘lga tushadilar.

Yaqinlariga ko‘ra, guruhda yoshi 9 dan 15 gacha bo‘lgan 9 o‘spirin bo‘lgan va ularga uch kishi yetakchilik qilgan.

Ular 20 iyul kuni ortga qaytish rejasi bilan ketganlar.

Biroq, alpinistlar belgilangan paytda qaytmagach, yaqinlari talabi bilan Qozog‘iston janubida qidiruv ishlari ishlari boshlangan.

Keyinchalik Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari tomonidan 14-iyulda ushlangani ma‘lum bo‘lgan.

Hozirda, xabarlarga ko‘ra, yoshi kattalar Toshkent viloyatining Qibray shahri vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turilibdi, bolalarni esa ayni viloyatning Yangiyo‘l shahridagi balog‘atgan yetmaganlar uchun maxsus qabulxonada saqlanmoqda.

Janubiy Qozog‘iston bo‘yicha Favqulodda holatlar departamenti matbuot xizmati bosh mutaxassisi Armon Asibekovning BBCga aytishicha, Qozog‘iston fuqarolari tog‘li so‘qmoqlarda adashib, O‘zbekiston hududiga kirib qolgan bo‘lishlari mumkin.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati kotibi Ilyas Omarov BBCga qozog‘istonliklardan birida ov miltig‘i bo‘lganini tasdiqladi.

Qurol egasida, Ilyas Omarovning aytishicha, qonuniy olib yurishga izn beruvchi hujjatlar bo‘lgan.

Matbuot kotibiga ko‘ra, balog‘atga yetmagan to‘qqiz bolakay 30 iyul kuni ozod etilishi kutilmoqda.

U bolalar ota-onalari ular bilan kecha uchrashishganini tasdiqladi.