O‘zbekiston: ta‘til mavsumida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilmoqda

Namangandagi kollej o‘qituvchilaridan birining BBCga aytishicha, ta‘lim xodimlari ishlaridan ayrilish tahdidi ostida qurilish inshootlari va dalalarda mehnat qilishmoqda.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, ayrim inshootlar, jumladan, Namangan shahri chetida hukumatning qishloqni obodonlashtirish dasturiga muvofiq barpo etilayotgan uylar qurilishiga maktab o‘qituvchilari va hatto bog‘cha tarbiyachilari ham jalb etilgan.

"O‘qituvchilar yo‘l bo‘yida chim yotqizish yoki qurilishda mardikorlar qiladigan ishlarni qilishayapti", -deydi Namangan tumanidagi kollejlardan birining o‘qituvchisi.

Unga ko‘ra, g‘alla mavsumida ko‘pgina fermer xo‘jaliklari davlat rejasini bajara olmagani vajidan ta‘lim xodimlariga 20 kilodan g‘alla solig‘i solingan.

"G‘allaning o‘zi yo‘qligi uchun o‘qituvchilar 20 ming so‘mdan yig‘ib, topshirdik", deydi u.

Namanganlik o‘qituvchining aytishicha, majburiy mehnatdan bosh tortgan kollej xodimlari dars soatlarini kesib tashlash yoki umuman ishdan haydash bilan tahdid etiladi.

"Mening o‘zim bosh tortib ko‘rdim, ammo ish bermadi. "Sentyabrda dars kerakmi?" deyishdi", - deydi u BBC bilan suhbatda.

Uning aytishicha, majburiy mehnat uchun o‘qituvchilarga pul to‘lanmaydi.

"Yo‘lkira o‘zidan, obed o‘zidan, qaysi hududga olib chiqishidan qat‘iy nazar", deydi namanganlik kollej xodimi.

O‘zbekistonda ta‘lim xodimlarining sohaga aloqasi bo‘lmagan turli-tuman ishlarga jalb etilishi yangilik emas, ammo anglashilishicha, bu yil majburiy mehnat ta‘til mavsumida va keng miqyosda yuz bermoqda.

So‘nggi yillarda ta‘lim xodimlari fermerlarning eng yaqin "dastyori" ga aylantirilganini aytgan jizzaxlik maktab o‘qituvchisi Ziyodulla Razzoqovga ko‘ra, ustiga bu yil o‘qituvchilar ta‘til pulini ham olisholmayapti.

BBC o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilgani yuzasidan rasmiylarga murojaat qildi.

O‘zini Toshkentdagi O‘rta-maxsus kasb-hunar ta‘lim markazi rahbarining yordamchisi deb tanishtirgan mulozim ta‘tildagi o‘qituvchilarning turli ishlarga jalb etilayotganidan bexabarligini aytdi.

Ismini aytishni istamagan mulozim mahalliy hokimiyatlar ta‘lim vazirligining ruxsati va xabarisiz o‘qituvchilarni ishlatayotgan bo‘lishi ehtimolini e‘tirof etdi.

"Bizning o‘zimiz o‘qituvchilarning faqat dars bilan mashg‘ul bo‘lishlarini istaymiz. Ularning ta‘tilda har-xil ishlarga jalb qilinishi noqonuniy", dedi u.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди