"Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida dindorlarni hibsga olishlar boshlandi"

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди
Image caption Surat Ikromov poytaxt Toshkentda ramazon oyida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini aytadi

"O‘zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi"ga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Xo‘ja qishlog‘ida so‘nggi o‘n kun ichida besh kishi hibsga olingan.

Guruh rahbari Surat Ikromov bu haqda BBCga hibsga olinganlardan biri - Xolmurod Shokirovning turmush o‘rtog‘i Ra‘no Shokirovaga tayanib ma‘lum qildi.

Surat Ikromovning aytishicha, hibsga olinganlarga O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzuimiga tajovuz qilish va diniy guruhga a‘zolik qilish ayblovlari qo‘yilishi mumkin.

Surat Ikromov dindorlarni qamoqqa olishlar Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida ham yuz berayotgani unga ma‘lumligi, ammo hozircha bu haqda "aniq bir ma‘lumot" bera olmasligini aytdi.

Ra‘no Shokirova BBCga dindor turmush o‘rtog‘i Xolmurod Shokirov 25 iyul kuni mahalla militsiya noziri tomonidan olib ketilganini aytdi.

Ra‘no Shokirova so‘zlariga ko‘ra, militsiya noziri Xolmurod Shokirovni yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tib-o‘tmaganini aniqlash maqsadida militsiya bo‘linmasiga olib ketgan va keyinchalik uni "tartibni buzish" ayblovi bilan 10 kunga hibsga olgan.

35 yoshli dindor Xolmurod Shokirov ortidan Xo‘ja qishlog‘idan yana uch yigit hibsga olingan.

Iyul oyi boshlarida Xo‘ja qishlog‘idan Zaynobiddin Mamatov ismli shaxs hibsga olingan va unga nisbatan noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolik, konstitutsiyaviy tuzumga qilish doxil O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining bir necha moddasi bilan ayblov qo‘yilgan.

Yaqinlariga ko‘ra, hibsga olinganlarning barchasi Toshkent shahridagi Tuzel hibsxonasida saqlanmoqda.

"Qora ro‘yxat" Toshkent viloyatida dindorlarning hibsga olinishi musulmonlarning muqaddas ramazon oyi arafasiga to‘g‘ri keldi.

Biroq, Surat Ikromovning BBCga aytishicha, so‘nggi hibsga olishlarning ramazon oyining boshlanishiga to‘g‘ri kelishi "tasodifiy"dir.

"O‘zbekistonda har bir tuman ichki ishlar boshqarmasi va milliy xavfsizlik xizmati kompyuterlarida ayni tumandagi barcha namozxonlar ro‘yxati bor," deydi huquqbon.

Surat Ikromovga ko‘ra, ushbu ro‘yxat xalq orasida "qora ro‘yxat" deb ataladi.

"O‘zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi" raisining ishonishicha, O‘zbekistonda dindorlarni hibsga olishlar yuqori davlat idoralaridan kelgan "buyruq" asosida amalga oshiriladi.

"Yuqoridan qanaqa buyruq kelgan bo‘lsa, militsiya va xavfsizlik xodimlari o‘shanga qarab ishni yurg‘izishadi," deydi Surat Ikromov.

Uning aytishicha, ramazon oyi kirishi bilanoq Toshkent shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Surat Ikromovning huquq-tartibot idoralari xodimlariga iqtibosan ma‘lum qilishicha, xavfsizlik choralarini kuchaytirishdan maqsad Toshkent shahrida "terrorchilik amallari"ni bartaraf etishdir.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari masjidlar atrofida "shubhali ko‘ringan shaxslarni" alohida nazorat ostiga olishmoqda.

BBCning Surat Ikromov bilan suhbatini tinglang.