O‘zbekistonda fosh etilgan "Jihodchilar" guruhi "Dog‘istonda tayyorgarlikdan o‘tgan"mi?

Rossiyaning "Regnum" axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekiston xavfsizlik idoralari 12 kishidan iborat "jihodchilar" nomli diniy ekstremistik guruhni oshkor etganlar.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga iqtibosan aytilishicha, Andijon viloyatidan bo‘lgan ushbu guruh a‘zolari Rossiyaning Dog‘iston mintaqasida qo‘poruvchilik va terrorchilik tayyorgarligidan o‘tganlar.

"Regnum" xabarida ta‘kidlanishicha, yoshlari 25-35 orasida bo‘lgan shaxslar tergov paytida Dog‘iston markazi Maxachqal‘a yaqinidagi "Abdulla Sug‘uriy" madrasasida ta‘lim olganlar.

Ularning Islomiy ta‘limlar bilan bir qatorda jismoniy tarbiya, qo‘poruvchilik sohalariga ham alohida e‘tibor qaratganliklari aytiladi.

Biz "Regnum" tarqatgan xabarni tekshirish uchun Dog‘iston Din ishlari vaziri Bekmurza Bekmurzayevga bog‘landik:

Bekmurza Bekmurzayev: "Regnum" axborot agentligi go‘yoki O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan o‘n ikki kishidan iborat "Jihodchilar" diniy ekstremistik guruh oshkor etilgani haqida xabar tarqatdi. Mazkur shaxslar go‘yoki Dog‘istonda g‘oyaviy va terrorchilik ta‘limotini olishgan ekan. "Regnum" axborot agentligi xabarida Dog‘iston poytaxti Maxachqal‘a tashqarisida joylashgan "Abdulla Sug‘uriy" madrasasiga tayanadi. Dog‘iston Respublikasi hukumati va jamoatchiligi ushbu xabarni "ig‘vogarona, jamoatchilikka yolg‘on xabar tarqatish va respublikada tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga yo‘naltirilgan", deya baholaydi. Terrorizmga qarshi terrorchi axborot texnologiyalari bilan kurashib bo‘lmaydi. Terrorizmga qarshi yangi yaxshi usul terror haqida, uni tashuvchilar va g‘oyaviy rahnamolari haqida haqiqatni oshkor etishdir. Maxachqal‘a shahrida "Abdulla Sug‘uriy" nomli madrasa yo‘q. Men hozir aslida "Abdurahmon Sug‘uriy" nomli madrasa hududida turibman. Abdurahmon Sug‘uriy Naqshbandiy tariqatining buyuk shayxlaridan bo‘lgan. Bu inson "Nashqbandiya" tariqatining dunyoda eng yirik 60 ta shayxlari safidan o‘rin olgan. Madrasa bu shayx nomi sharafiga atalgan.

BBC: Janob Bekmurzayev, bu madrasada rostdan ham O‘zbekiston fuqarolari ta‘lim olishganmi? "Regnum" xabarida, shuningdek, madrasada terrorchilik va qo‘poruvchilik ta‘limlari berishi xabar qilingan. Bu xabar qanchalar asosli?

Bekmurza Bekmurzayev: "Abdurahmon Sug‘uriy" madrasasida birorta xorijiy talaba, birorta xorijiy muallim hech qachon ta‘lim ham bermagan, ta‘lim ham olmagan. Biroq Maxachqal‘a shahri markazida, bosh maydonidan uzoq bo‘lmagan joyda "Ash-Shofiya" madrasasi joylashgan. Bu madrasada 3-6 oy muqaddam O‘zbekiston fuqarolari olti oycha ta‘lim olishgan. Ular bu yerga O‘zbekistondan diniy ta‘lim olish uchun kelganlar. Bu universitetga taniqli shayx rahbarlik qiladi. O‘zbekistonlik talabalar ushbu madrasada berilayotgan darslardan qoniqmay, Dog‘istonni tark etganlar. Keyinchalik ular o‘z vatanlarida qandaydir qo‘poruvchi-terrorchi guruh a‘zolari sifatida qo‘lga olinganlar. "Ash-Shofiya" madrasasi faoliyati Dog‘iston jamiyati tomonidan e‘tirof etilgan, u yerda taniqli shaxslar ishlashadi. U yerda hech qanaqa suriyalik o‘qituvchilar ishlashmaydi. Ammo bu madrasaga xorijdan talabalar kelib, an‘anaviy Islomiy ilmlarni o‘zlashtirishadi.