O‘zbekistonda yana o‘nlab saytlarga to‘siq qo‘yildi, ammo aylanib o‘tish yo‘llari saqlanib qolmoqda

Image caption O‘zbekistonda internetga to‘siqlar ko‘payishi bilan, yangi proksi saytlar soni ham oshgan

O‘zbekistonda o‘nlab internet sahifalariga to‘siq qo‘yilgan. Internetdan foydalanuvchilarning bildirishlaricha, 9 agustdan boshlab ko‘plab Rossiyaning ko‘plab internet sahifalariga kirishning imkoni bo‘lmayapti.

To‘siq qo‘yilgan saytlar orasida "Kommersant‘", "Nezavisimaya gazeta", "Pravda", "Izvestiya" kabi gazetalarning sahifalaridan tashqari qator telekanallar va radiostantsiyalarning saytlari ham bor.

Rossiyaning internetda kundalik yurituvchilar orasida ko‘p qo‘llaniladigan livejournal.com sahifasiga ham O‘zbekistonda kirib bo‘lmayapti.

Bu jonli jurnalda O‘zbekistonda avvaldan to‘sib qo‘yilgan qator veb sahifalari, jumladan ferghana.ru xabar tarqatish sahifasi o‘z kundaligiga ega va u nashr qilgan xabarlarni shu paytgacha har kim o‘qishi mumkin edi.

Shuningdek, yandex.ru va mail.ru sahifalarida elektron pochtadan foydalanish mumkin bo‘lsada, u sahifalardagi yangiliklarni endi o‘qib bo‘lmaydi.

O‘nlab g‘arb nashlari, jumladan BBC ham O‘zbekistonda to‘siqqa uchragan xabar agentliklari sirasiga kiradi.

O‘zbekistonda internetda orqali savdo qiluvchi, hamda o‘z internet-kafesiga ega Samad Nuriyevning aytishicha, yangi to‘siqlar internetdan foydalanishni endi o‘rganayotgan kishilarga ta‘sir qilishi mumkin, biroq umuman olganda, samarasiz.

"Ilg‘or foydalanuvchilar bu to‘siqlarni bemalol, hech qanday muammolarsiz aylanib o‘tib, xohlagan veb sahifasini ochishi mumkin. Proksi saytlar ishlab turibdi. Hammasi bo‘lmasa ham. O‘zbekistonda tegishli xizmatlar bilib qolgan proksi saytlarga albatta to‘siq qo‘yiladi, lekin bu saytlarning soni juda katta," deydi u.

Uning aytishicha, internetdan foydalanishni yaxshi biladiganlar muntazam ravishda hukumat to‘siqlarini aylanib o‘tish yo‘llari borasida o‘zaro o‘rtoqlashishadi.

"Bemalol, do‘stlar bilan ma‘lumot almashib, qaysi proksi sayt ishlayapti yo ishlamayapti, shuni bilib, xohlagan veb sahifamizni ko‘rishimiz mumkin. Mana bir misol, biron sahifa ochilmasa, ninjacloak.com sahifasiga o‘sha ochilmagan havolani tashlang, bu sahifada ochiladi," deydi Samad.

Suhbatdoshning aytishicha, ayniqsa O‘zbekistonda millionlab odamlar tomosha qiladigan rus telekanallarining sahifalariga to‘siq qo‘yilishi sabablarini izohlash qiyin.

"Balki tegishli xizmatlar to‘siqlar qo‘yish bo‘yicha mashqlar o‘tkazishayaptimi, yoki tepadan buyruq tushgan bo‘lsa, xatto televizorda ko‘rinib turgan kanallar sahifalarini ham to‘sib, mana ishni bajardik demoqchi bo‘lishayaptimi, bu tushunarsiz hol," deydi u.