"Said Ashurov ishi Oxus manfaatini himoya qiladigan insonlar ovozini o‘chirish"

Image caption Yaqingacha ham O‘zbekiston rasmiylari Oxus bilan hamkorlikni xorijiy shirkatlar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida tilga olganlar

Britaniyaning Oxus Gold ma‘dan shirkati o‘zining O‘zbekistondagi sobiq xodimi taqdiridan xavotir izhor etgan.

Shirkatning sobiq geologi Said Ashurov O‘zbekistonda josuslikda ayblanib, shu hafta 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Oxus Gold shirkatining advokati Robert Amsterdam BBCga Said Ashurov ishi soxta ekani va uning sog‘lig‘i yaxshi emasligini aytgan.

Oxus Gold O‘zbekistondagi Amantaytau Goldfields qo‘shma qorxonasining 50 foiz hissasiga egalik qiladi, ammo o‘zbek rasmiylari bilan mart oyidan buyon sudlashib kelmoqda.

Shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati butunlay to‘xtatilgan.

Oxus Gold O‘zbekiston hukumatini noqonuniy moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazish va shirkat hissalarini tortib olishga urinishda ayblaydi.

Shirkat ikki tomon o‘rtasidagi tortishuvni xalqaro mahkamada hal etishga qaror qilgan.

Janob Amsterdamning aytishicha, Said Ashurov ishi Oxus manfaatini himoya qilib chiqishi mumkin bo‘lgan insonlar ovozini o‘chirishga qaratilgan kampaniyaning bir qismidir.

Robert Amsterdam: Bu inson geologdir. Uni josuslik uchun mahkamaga tortilishi va kasalligiga qaramay 12 yilga qamalish u yoqda tursin, biror bir mamlakatda nozik tabiatli yoki davlat siriga aloqador deb ko‘rilmaydigan tijorat sohasida faoliyat olib borgan kishi bilan bunday voqealar bo‘layotgani aqlga sig‘maydi. Uning ishini yopiq mahkamada ko‘rishdi. Hatto advokatiga, uchinchi tomon bilan gaplashishiga ruxsat berilmadi. Ashurovning kasalligiga qaramay, 12 yillik ozodlikdan mahrum etilishi dahshatli hol va bu yigirma yildirki qonun ustivorligi amal qilmay kelayotgan O‘zbekiston uchun, afsuski, odatiy hol. Buning ustiga Said Ashurov Tojikiston fuqarosi va bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqligi ham mening nazarimda ta‘sir qilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

BBC: Ammo nima uchun O‘zbekiston bu katta bir bahsda, ya‘ni Oxus Gold shirkati va hukumat o‘rtasidagi yirik tortishuvda nisbatan kichik lavozimdagi shaxsni qamab qo‘yadi deb o‘ylaysiz? Buning ustiga ayniqsa hozir mamlakat ayni masalada xalqaro bir mahkama bilan ro‘para kelish ehtimoli bo‘lsa... Said Ashurovning qamoqqa tashlanishi Toshkent uchun hozir juda muhim bo‘lgan mavqei va obro‘siga zarar yetkazadi, shunday emasmi?

Robert Amsterdam: Ularga buning farqi yo‘q. O‘zbekistonda inson huquqlari har qadamda poymol etiladi. G‘arb davlatlari Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlariga ta‘minot yo‘li sifatida O‘zbekiston xizmatlaridan foydalanadi, shuning uchun ham Toshkentning bu kabi amallariga ko‘z yumishmoqda. O‘zbekiston hukumati buni juda yaxshi tushunadi.

BBC: Siz Oxus Gold va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi tortishuvlar haqida ham gapirdingiz. Xalqaro mahkama masalasini tilga oldingiz. Hozirgi vaziyat qanday? Bu jarayonning Said Ashurov ishiga ta‘siri bo‘ladimi?

Robert Amsterdam: Biz hozirda tin olish jarayonidamiz. Bu jarayon tugaganidan keyin biz hujjatlarni tegishli idoralarga oshiramiz va jarayon anchayin jadal tus oladi. O‘zbekiston hukumati Ashurov janoblarini qamash bilan guvohlarga ta‘sir o‘tkazmoqchi... Bu uni garovga olganday bir gap. Chunki davlatning bu qadar noqonuniy amalidan keyin bizning mahalliy xodimlarimiz qo‘rqib qolishgan. Shundan keyin xorijiy bir shirkat uchun O‘zbekiston ichkarisidan dalilu-isbot va guvohlik olish o‘ta mushkul bo‘lib qoladi, albatta. Bu esa O‘zbekiston hukumatining maqsadlaridan biridir.