"Chegara bilmas muxbirlar": O‘zbekiston onlayn nazoratini kuchaytirdi

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti O‘zbekiston hukumatining mamlakatga axborot erkin kirishini nazorat qilishga qaratilgan "o‘ta xavotirli" qadamlarini ma‘qullamasligini aytdi.

Tashkilot oy boshlarida O‘zbekistonda axborot vositalarini nazorat qiladigan yangi rasmiy qo‘mita tashkil etilganini qoralaydi.

"Chegara bilmas muxbirlar"ga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati allaqachon mamlakatdagi barcha turdagi matbuotni bevosita nazorat qilishi va Markaziy Osiyoga doir barcha mustaqil yangiliklar manbalarini filtrdan o‘tkazishi bilan tanilgan.

"O‘tgan bir necha oy asnosida hukumat asosan yangi mediani yoppasiga hujumga tutishni boshladi va jumladan, onlaynni filtrdan o‘tkazish, nazorat qilish harakatlarini sezilarli ravishda kengaytirdi va hibs hollari ko‘paydi", deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" chiqargan bayonotda.

Tashkilotga ko‘ra, ushbu harakatlarning barchasi "Arab dunyosi"da kechayotgan hodisalar manzarasida qilinmoqda.

"Ammo, "Arab bahori" va yo milliy xavfsizlik masalasi hech qanday sharoitda tsenzuraga bahona bo‘lolmaydi", deydi dunyo bo‘ylab matbuot erkinligini targ‘ib qiluvchi tashkilot.

Unga ko‘ra, onlaynga tsenzura o‘rnatishga qaratilgan sa‘y-harakatlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa bo‘ylab kuzatilmoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar" bu bilan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining 12 avgust kuni Ostonada o‘tgan norasmiy yig‘iniga ishora qiladi.

Yaqinda BMTning maxsus ma‘ruzachilari, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Inson huquqlari bo‘yicha Afrika Komissiyasi internetdan foydalanish imkoniyati hammaga berilishi kerakligi xususida deklaratsiya e‘lon qilgandi.

"Chegara bilmas muxbirlar" mintaqada onlaynni tsenzura qilishga qaratilgan sa‘y-harakatlar kuchaytirayotganidan xavotir bildirish bilan birga hukumatlarni ayni deklaratsiyaga mos ish tutishga chaqiradi.

O‘zbekiston hukumati 5 avgust kuni mamlakatda matbuotni kuzatib boruvchi "Axborot va ommaviy kommunikatsiya bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi"ni tashkil etishni ma‘qullagan.

Ekspertlar barchasi hukumat xizmatchilari va qo‘mitaning ishi "buzg‘unchi va fuqarolar ijtimoiy ongiga salbiy ta‘sir qiluvchi", "milliy madaniy an‘analarga putur yetkazuvchi" va odamlar orasida "nafrat" uyg‘otuvchi yangiliklarni tutib qolish ekani aytiladi.