"Elenaning ishi ekstremistik faoliyat deya baholanishi mumkin" - Chegara bilmas muxbirlar

Image caption Mustaqil jurnalist Yelena Bondarga Toshkent aeroportida bojxona qog‘ozini to‘ldirishga izn berilmagan.

Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi Chegara bilmas muxbirlar xalqaro tashkiloti bayonot chiqarib O‘zbekistonda mustaqil jurnalist Yelena Bondar yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruv jarayonidan xavotir bildirdi.

Yelena Bondar 22 avgust kuni Bishkekdagi treyningdan qaytgan vaqti qisqa muddat ushlab turilib, yonidagi video va aidio kassetalar, shuningdek, raqamli ma‘lumot saqlovchi USB uskunasi olib qo‘yilgan.

Unga nisbatan hozirda bu ashyolarni bojxona deklaratsiyasida qayd qilmaganlik aybi ilgari surilmoqda.

BBC Chegara bilmas muxbirlar tashkilotidan Yoxannes Biyr bilan bog‘lanib, ularni xavotirga solayotgan omillar haqida so‘radi:

Biyr: Yelena Bondarning aytishicha, uni uchib kelishi bilanoq qo‘lga olishgan va hatto bojxona nuqtasiga borib, bojxona qog‘ozini to‘ldirishga ham qo‘ymaganlar. Uni ushlashlari bilan yuki tekshirilib, elektron axborot saqlovchi uskunalari musodara qilingan, ularni bojxona qaydidan o‘tkazishga imkoni bo‘lmagan. Ikki kundan keyin unga ma‘muriy ayblov asosida tekshiruv jarayoni o‘tkazilayotgani haqida ma‘lum qilishgan. Bizni eng ko‘p xavotirga solayotgan narsa esa uning ma‘muriy jazoga yuz tutishi mumkinligi emas, undan musodara qilingan elektron uskunalarning axborot va ommaviy axborot vositalari faoliyatini monitoring qilish bo‘yicha yangi tuzilgan komissiyaga topshirilganidir. Bu komissiya bizning nazarimizda o‘zbek rasmiylari qo‘lida internetni nazorat qilishning yangi bir qurolidir. Bu qadam o‘zbek rasmiylarining internet ustidan qat‘iy nazoratni qo‘lga olish yo‘lida qo‘yayotgan qadamlaridir. Bundan avvalroq o‘zbek rasmiylari mamlakatga qarshi informatsion urush ketayotgani va mamlakat xavfsizligi bilan barqarorligini himoya qilish ehtiyoji haqidagi bayonotlar bilan chiqqandilar. Mana shu manzarada endilikda bu yangi tuzilgan komissiya Yelena Bondar yonida bo‘lgan ma‘lumotlarni ko‘rib chiqib, inqilobga da‘vatlar, qo‘poruvchi ma‘lumotlar, diniy ekstremistik tashviqot bormi yo‘qligi haqida xulosa berishi kerak.

BBC: Agarda Bondarning yonida bo‘lgan ma‘lumotlarda bu kabi tashviqot va targ‘ibotlar mavjud bo‘lmasa, komissiyaning xulosasidan u qadar ham tashvishlanmasa ham bo‘lsa kerak?

Biyr: Albatta, biz uni ekstremistik g‘oyalar tashviqotchisi deb umuman gumon qilmaymiz. Lekin biz o‘tmishda yuz bergan hollardan bilamizki, bu kabi tsenzura bilan shug‘ullanuvchi guruh va tashkilotlar har qanday mustaqil jurnalistik ma‘lumotni ekstremistik yoda bo‘lginchilik tashviqoti sifatida talqin qilishga moyillar. Masalan mustaqil jurnalist Abdumalik Boboyev misolini oling. Yoki suratkash Umida Ahmedova misolini oling. Shunga o‘xshash ekpertlar komissiyasi uni o‘zbek xalqini haqorat qilishda ayblagandi, vaholanki uning faoliyati ijtimoiy suratkashlikdan boshqa narsa emasdi. Xullas, o‘zbek rasmiylari uchun har qanday mustaqil axborotni ekstermistik tashviqot deya talqin qilishlari oppa-oson. Ana shu narsa bizni xavotirga solmoqda. Chunki bu kabi ayblovlarning oqibati bir necha yillik qamoq jazosi bo‘lishi mumkin. Ana shu jihatdan Yelena Bondarga nisbatan o‘tkazilayotgan tekshiruv jarayoni u va mamlakatdagi boshqa hamma mustaqil jurnalistlar uchun tahdidlidir.