O‘zbekiston: "Mustaqillik davrida ko‘rmaganimizni ko‘rdik..."

Sho‘rolar Ittifoqi qulaganiga bu yil 20 yil to‘ldi.

Kommunizmdan bozor iqtisodiyoti, diktaturadan demokratiyaga o‘tishlarini baralla bayon qilgan sobiq Sho‘ro davlatlaridagi bugungi vaziyat qanday?

Oradan 20 yil o‘tib, ushbu mamlakatlar aholisi o‘z turmushlaridan qanchalar mamnun? Ularning hayotlari orada kechgan vaqt davomida qanday o‘zgarishlarga yuz tutdi?

Biz O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi sanasida ushbu savol bilan turli toifa o‘zbekistonliklarga murojaat etdik.

Ilk qahramonimiz o‘zbekistonlik jurnalist va hozirda Rossiyada mehnat muhojirligida band Botir Aliyev:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistonlik jurnalist mustaqillikning ilk yillarini eslarkan, iqtisodiy ahvolining nihoyatda nochorligidan, hatto, g‘allazorga borib, bug‘doy o‘g‘irlashga majbur bo‘lganini aytadi.

"Xullas, ko‘rmaganimizni ko‘rdik. Makkajo‘xori unidan non qilinishini bobolarimizdan eshitardik. Makka unidan o‘zimiz ham non qilib yedik. Ana shunaqa kunlar shaxsan mening boshimdan o‘tdi", deydi Botir aka.

U bundan 20 yil burun ijod qilib, katta bir maydonlarga kirish istagi bo‘lgani, ammo barcha orzu-umidlari Rossiyaning axlatlari oralig‘ida qolib ketganini aytadi.

Jurnalistga ko‘ra, hammasiga iqtisodiy ahvolning og‘irligi sabab bo‘lgan, bir oylik maoshi bor-yo‘g‘i bir xalta undan sal ortgan, xolos.

U, iqtisodiy sharoitidan ham tashqari, O‘zbekistondagi jurnalistikaning bugungi ahvoli o‘ziga eng so‘nggi zarba bo‘lganini urg‘ulaydi:

"Bizning jurnalistikamizda hali u bilan jo‘rabozlik qil, hali bu bilan, degandek bir holat shakllangan. Men buni istamadim. Toki o‘zimning nonim bo‘lmas ekan, birovning noniga ko‘z olaytirishni o‘zimga ep bilmadim".

Jurnalist bugun Rossiyada o‘zi band bo‘lgan mehnat muhojirligi O‘zbekiston hukumatiga valyuta keltiruvchi daromad manbaiga aylangan ekan, ana shu daromadni asrashning ham payti yetganini ta‘kidlaydi.

Unga ko‘ra, bugun muhojirlik azobini tortayotgan o‘zbekistonliklar ham inson...

Bu turkumdagi suhbatlarimiz bilan 5 sentyabrdan boshlab, "Daraklar" dasturimiz va veb sahifamiz orqali tanishib borishingiz mumkin bo‘ladi.