"O‘zbek militsiyasi va chegarachilari odam savdosiga aloqador"

Image caption O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Turkiya va Isroil kabi davlatlarga qizlar va ayollar trafigining manba‘laridan hisoblanadi

Xorazmdagi "Najot" inson huquqlari guruhi O‘zbekiston militsiyasi va chegarachilarini odam savdosiga aloqadorlikda ayblagan.

Tashkilot e‘lon qilgan yangi hisobotda aytilishicha, nufuzli amaldorlar xorijda fohishalikka majburlanayotgan ayollarning "hujjatlarini soxtalashtirishadi, ularni chegaradan o‘tkazib qo‘yadilar va yo‘l xavfsizligini ta‘minlaydilar".

"Najot" so‘nggi olti oyda o‘nlab xorazmlik ayollarning xorijda fohishalikka majburlangani va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning qamoqxonalarida azob chekayotganini aytgan.

Tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubovning BBCga aytishicha, qurbonlar o‘zlariga hujjat tayyorlashda yordam bergan mulozimlarning ism-shariflarini berishdan qo‘rqishadi.

"Ular Qozog‘iston bilan chegarada to‘planib, olib ketilgan. Bundan uyushgan jinoyatchilikning hidi kelayapti", deydi inson huquqlari faoli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijdagi O‘zbekiston konsulliklari jinsiy trafik qurbonlari bo‘lgan ayollarga yordam ko‘rsatmaydi, ular vatanlariga qaytganlaridan keyin esa tergovga yuz tutadilar.

Xorazmda kechgan mahkamada Dubaydagi mehmonxonalardan birida fohishalikka majburlangan ayol o‘zini sotib yuborgan qoraqalpog‘istonlik shaxsdan 27 ming dollar ish haqini undirib berishni talab qilgan.

Ammo Hayitboy Yoqubovning aytishicha, mahkama jabrlanuvchining o‘zini ayblamoqda.

Inson huquqlari faoliga ko‘ra, O‘zbekistonda odam savdosi qurbonlari soni yildan-yilga ortib bormoqda va buning asosiy sabablari ishsizlik va korruptsiyadir.

"Hamma yaxshi yashashni istaydi. Kimdir uy, kimdir mashina olgisi keladi. Va odamlar bir-birlaridan o‘rganib, yo‘l topib, xorijga ishlashga ketishmoqda va qullikka tushishayapti", deydi Hayitboy Yoqubov.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Turkiya va Isroil kabi davlatlarga qizlar va ayollar trafigining manba‘laridan hisoblanadi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди