BBC mehmoni - O‘zbek muxolifati faoli Botir Norboyga savol bering

Image caption Botir Norboy o‘zining muxolif faoliyatini 1980 yillarning o‘rtalaridan boshlagan

Botir Norboy - O‘zbek muxolifati 1980 yillarda norasmiy harakat sifatida faoliyatini boshlashidan oldin ham o‘zining muxolif qarashlarini rasmiy doiralarda izhor etib boshlagan ziyoli.

U 1947 yilda Xiva shahrida tug‘ilgan.

1971 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti(sobiq Toshkent Davlat universiteti)ning filologiya fakultetini tugatgan va Toshkentdagi G‘afur G‘ulom nashriyotida faoliyat yuritgan.

Mixail Gorbachyovning qayta qurish, oshkoralik siyosatidan ruhlangan ziyolilar qatorida Botir Norboy ham 1930 yillarda qatag‘on qilingan iste‘dodli o‘zbek ijodkorlari Cho‘lpon va Fitratning asarlarini nashr etish kerak, deb hisoblaydi va O‘zbekiston kommunistik firqasi rahbariyatining mafkura siyosatini minbarlarda oshkora tanqid qiladi.

Toshkentda tashkil etilgan "Orolni asrash qo‘mitasi"ning faoli sifatida Orol dengizining qurib borayotgani oqibatlari va Orolni qutqarib qolish zarurligi haqida jamoatchilikni ogoh etish harakatlarida faol ishtirok etadi.

"Moskvadagi Suv vazirligida maxsus majlis tashkil etib, sizlar Orolni quritdingiz, deb SSSR vazirlariga do‘q-po‘pisa ham qilganmiz", deb eslaydi Botir Norboy.

Norasmiy harakat sifatida faoliyat boshlagan "Birlik"ning safiga Botir Norboy birinchi kunlaridanoq qo‘shiladi.

Botir Norboy "Birlik" Xalq harakati tashkil etgan ilk ochlik amaliyotlarining birinchi ishtirokchilaridan bo‘lgan.

Bir necha marta qisqa muddatlarga qamalgan, sababi "odamlarni mitinglarga chiqishga da‘vat qilganim, Tog‘li Qorabog‘ni ozod qilish qo‘mitasining a‘zosi bo‘lganim", deydi Botir Norboy.

Filologiya fanlari doktori Botir Norboy 1990 yillarning oxirlaridan Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilidan saboq berishni boshlaydi.

U bugun ham pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Botir Norboy adabiy munaqqidlikka bag‘ishlangan qator kitoblar muallifi.

Shu kunlarda u O‘zbekistonda ijodi taqiqlangan shoir va yozuvchilar ijodi haqidagi kitob ustida ishlamoqda.

BBC mehmoni Botir Norboyga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham Internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

SMS raqamimiz:

+447786201124

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.