"O‘z davlatining e‘tiborsizligidan o‘zbekistonliklar Rossiya fuqaroligini ixtiyor etmoqdalar"

Rossiya Davlat Statistika boshqarmasi mamlakatga kelayotgan muhojirlar soni haqidagi ma‘lumotlarni chop etgan.

Ushbu ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga yashash uchun borayotganlar orasida o‘zbekistonliklar yetakchilik qilmoqdalar.

Rossiya Statistika boshqarmasining 2011 yilning dastlabki yarim yilligi ma‘lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon 159 ming kishi yo Rossiya fuqaroligini yoki doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni qo‘lga kiritganlar.

Ularning yarmidan ko‘pi markaziy osiyoliklardir.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2011 yil boshidan 28600 O‘zbekiston fuqarosi Rossiya fuqaroligini yoki yashash huquqini beradigan hujjatni qo‘lga kiritganlar.

Qirg‘iziston O‘zbekistondan keyingi o‘rinda, qariyb 20 ming qirg‘izistonlik Rossiya fuqaroligiga ariza topshirgan.

Kuzatuvchilar ularning ham aksari 2010 yilgi millatlararo nizolardan keyin Qirg‘iziston janubidan ketishga majbur bo‘lgan o‘zbeklar ekanini aytishadi.

Rossiyaga doimiy yashash uchun borganlarning soni ko‘pligi bo‘yicha Armaniston uchinchi o‘rinda turipti, 15 ming armani mamlakatdan chiqib ketgani aytiladi.

Rossiyada qonuniy ishlash ruxsatnomasini qo‘lga kiritib mehnat qilayotganlar bilan birga talab etilgan hujjatlarni rasmiylashtirmasdan mehnat qilib yurgan o‘zbekistonlik noqonuniy muhojirlarning soni ham ko‘pligi aytiladi.

Shuning uchun ham Rossiyaga ishlab pul topish uchun ketgan O‘zbekiston fuqarolarining soni borasida taxminiy raqamlar tilga olinadi, ayrim tahlilchilarning hisob-kitoblarida 4-5 million atrofida o‘zbekistonlik Rossiyada mehnat qilmoqdalar.

Rossiyada ishbilarmonlik qilayotgan o‘zbekistonlik Fuad Rustamxo‘jayevning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolari o‘z davlati tomonidan "o‘z hollariga tashlab qo‘yilganliklari sababidan" Rossiya fuqaroligini olishga intilmoqdalar.

Fuad Rustamxo‘jayev Rossiyada bo‘lgan o‘zbekistonliklar "O‘zbekiston respublikasining hech qanday himoyasini va g‘amxo‘rligini his qilmayaptilar", deydi.

"Rossiya fuqaroligi ularga O‘zbekiston yoki boshqa mamlakatlar fuqarolarining ishlashlariga ruxsat berilmagan va yuqori maosh to‘lanadigan ishlarda ishlash huquqini beradi", deydi o‘zbekistonlik ishbilarmon.

O‘zbekistonliklarning Rossiya fuqaroligiga intilayotganlari sabablari haqida Fuad Rustamxo‘jayev bilan suhbatni tinglang:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди