O‘zbekiston rasmiylari 11 sentyabr voqealarining 10 yilligini nishonlashga qarshilik qilishdi

Image caption 11 sentyabr hujumlari ortidan O‘zbekiston AQShning muhim ittifoqchisiga aylangan

Yakshanba kuni Toshkentdagi "Jasorat" yodgorligi oldida piket o‘tkazishga uringan huquq faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘li hibsga olingan.

Avvalroq AQShdagi hujumlarning 10 yilligini nishonlash taklifi bilan internet orqali fuqaro jamiyati faollariga murojaat bilan chiqqan Abdulla Tojiboy o‘g‘li Toshkent markazidagi yodgorlik yaqinida "Biz butun dunyodagi terrorizmni qoralaymiz" degan shiorni ko‘tarishga uringan payt militsiya xodimlari tomonidan ushlanib, Yunusobod tuman ichki ishlar idorasiga olib ketilgan va u yerda 8 soat ushlab turilgan.

U militsiya xodimlaridan "nima, sizlar terrorizmga qarshi emasmisiz?" deb so‘ragani, ammo javob ololmaganini aytdi.

"Bu O‘zbekistondagi davlat terrorizmining yana bir ko‘rinishi", deydi huquq faoli BBC bilan suhbatda.

O‘zbekistonda 11 sentyabr hujumlarining 10 yillik sanasi rasman nishonlanmagan.

O‘zbek matbuoti 10 yil muqaddam voqealar haqida oradan bir kun o‘tib, xabar tarqatgandi.

Ammo AQShning Afg‘onistondagi harbiy amaliyoti bois O‘zbekiston keyinroq Vashingtonning terrorga qarshi urushidagi muhim ittifoqchisiga aylandi.

2005 yil 13 mayida Andijonda hukumat kuchlari namoyishchilarni o‘qqa tutishi ortidan sovuqlashib ketgan AQSh va O‘zbekiston munosabatlari so‘nggi paytlarda yana jonlangani kuzatiladi.

"Umumiy dushman" 2011 yilda Qarshidagi "Xonobod" harbiy bazasini amerikaliklarga ochib bergan Prezident Karimov Markaziy Osiyo davlatlari yuz tutgan ekstremizm xavfi ham AQSh va ittifoqchilari ro‘baro‘ kelgan terror xavfi bilan bir xil ekanini aytib chiqqan edi.

Londondagi "Urush va tinchlikni yoritish instituti"ning mintaqa bo‘yicha tahlilchisi Jon Maklaudga ko‘ra, 2001 yildan keyin xavfsizlik manfaatlari hamma narsani bosib ketdi va Prezident Karimov bundan ustalik bilan foydalandi.

Uning fikricha, har ikki tomon uchun uchun "umumiy dushmanga qarshi urushayotganlari haqidagi g‘oyaga tayanib, harakat qilish osonroq edi".

"Eng yomon narsa shu bo‘ldiki, 2001 yildan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa O‘zbekiston inson huquqlari va demokratiya g‘arb uchun siyosiy savdolashuv vositasidan boshqa narsa emas,degan fikrga keldi. Prezident Karimov nazarida inson huquqlari bosim o‘tkazish kerak bo‘lgan payti kun tartibiga qo‘yiladigan bir masala bo‘lib, tub islohotlar emas, balki arzimagan, majoziy harakatlar bilan bu bosimdan qutulish mumkin edi. Shu tariqa inson huquqlari kontseptsiyasi tanazzulga uchradi", deydi londonlik tahlilchi.

Unga ko‘ra, hozirda g‘arbning ishtiroki mintaqada demokratiya va qonun ustivorligini o‘rnatishga yordam beradi, deb ishongan odamlarning hafsalalari pir bo‘lgan.

"Ular hukumatlar o‘rtasidagi munosabatlar oldi-berdiga asoslangani va xavfsizlik birinchi o‘ringa chiqqan payt boshqa narsalarga ko‘z yumilishini anglab yetdilar", deydi Jon Maklaud.