Mustaqil O‘zbekiston: "Juda aqlli yoki puldor bo‘lmasangiz, ishsiz qolib ketasiz"

Sho‘rolar Ittifoqi qulaganiga bu yil 20 yil to‘ldi.

Kommunizmdan bozor iqtisodiyoti, diktaturadan demokratiyaga o‘tishlarini baralla bayon qilgan sobiq Sho‘ro davlatlaridagi bugungi vaziyat qanday?

Oradan 20 yil o‘tib, ushbu mamlakatlar aholisi o‘z turmushlaridan qanchalar mamnun? Ularning hayotlari orada kechgan vaqt davomida qanday o‘zgarishlarga yuz tutdi?

Biz O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi sanasida ushbu savol bilan turli toifa o‘zbekistonliklarga murojaat etdik.

Navbatdagi qahramonimiz o‘zbekistonlik ishsiz yoshlardan biri Anvar:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

4 - hikoya

Suhbatdoshimiz Anvar hozir 20 yoshda. Aynan O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e‘lon qilgan 1991 yilda tug‘ilgan.

Mustaqillik davri o‘zbekistonlik yoshlarga bergan imkoniyatlar haqida so‘zlarkan, Anvar kollejdagi tahsilini tugatib olguncha, hech bir muammo yo‘qligi, ammo hammasi undan keyin boshlanishini aytadi.

"To‘g‘risi, juda aqlli bo‘lmasangiz yoki cho‘ntagingizda pulingiz bo‘lmasa, o‘qishga kirishingiz yoki ishga joylashishingizning imkoni yo‘q, hamma qatori ishsiz qolib ketasiz", deydi u.

Shunday qilib, yosh boshi bilan o‘zi ham ishsiz qolib ketgan Anvar bir necha yildan buyon Rossiyada mehnat muhojirligida band.

"O‘zbekistonning o‘zida bir nechta davlat korxonalariga ish izlab borganimda, pul so‘rashdi. O‘sha paytda mening iqtisodiy ahvolim ko‘tarmasdi".

U ilk maoshini ham muhojiratda, Rossiyada olganini aytadi.

"Agar oliy ma‘lumotli bo‘lib, juda aqlli bo‘lmasangiz, O‘zbekistonda yashash uchun yetadigan maoshli ishga kirolmaysiz. Yo odamlarni aldab, pulini oladigan savdogar bo‘lishingiz kerak, yoki Vatandan uzoqda, muhojiratda bo‘lsa ham, qiynalib pul topishingiz kerak, o‘qimaganlar bizlarga o‘xshab, chetga chiqib, yuradi, ishlaydi, qaytib boradi..."

Anvar ozmi-ko‘pmi muhojiratdagi mehnatlarining O‘zbekistonga ham foydasi tegishi, valyutaning chiqib ketgandan ko‘ra, kirib kelgani o‘sha davlatning manfaatiga bo‘lishini urg‘ulaydi.

"Ammo menga eng yoqmaydigani - uyga borgan chog‘larimda, televideniyedan, "O‘zbekistonda ishlashni, o‘qishni xohlamay, oson pul topish uchun, chet ellarga chiqib, ishlab kelishyapti, degan gapni ko‘p takrorlashlari. Eng oson yo‘li shu emish. Agar shu oson yo‘li bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha gapirgan odam kelib, bir ishlab ko‘rsa, keyin shu gapni qaytarib aytmaydigan bo‘ladi. Ana shu narsa menga alam qiladi", deydi u.

Anvar bolalikdan o‘qib, harbiy bo‘lish niyatida bo‘lgani, ammo hozir hamma narsadan ko‘ngli qolib ketganini ham yashirmaydi...

Davomi bor

Ushbu turkumdagi suhbatlarimiz bilan "Daraklar" dasturimiz va veb sahifamiz orqali tanishib borishingiz mumkin.