"Modalar ko‘rgazmasi siyosatga aralashtirilmasligi kerak"mi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Gulnora Karimovaning liboslar ko‘rgazmasi Nyu Yorkdagi Cipriani restoranida bo‘lib o‘tgan

Xalqaro bosimlar va norozilik namoyishlariga qaramay, O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning "Guli" kollektsiyasi namoyishi 15 sentyabr kuni Nyu Yorkda namoyish etildi.

Tomosha, boshida rejalanganidek, Nyu-Yorkdagi Modalar namoyishi haftaligi doirasida Linkoln markazida emas, balki xususiy restoranida bo‘lib o‘tdi.

Karimova xonimning vakillari buni mehmonlar xavfsizligini ta‘minlash bilan izohlashgan.

Guli kollektsiyasi mahsulotlari 2012 yilning bahor-yoz mavsumiga mo‘ljallangan kiyimlar fasonlari ko‘rgazmasi bo‘lgan, yangi kiyimlarni namoyish etuvchi modelьerlar maxsus modalar sahnasida emas, o‘zbekona qilib yerga to‘shalgan gilamlar ustida yurishgan.

Cipriani restoranida o‘tgan shouga ham tashqarida tashkil qilingan norozilik namoyishlari soya solgan. Namoyishchilar O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatishga chaqirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning o‘zi "Guli" kollektsiyasi namoyishida ishtirok etmagan.

Guli modalari ko‘rgazmasi mojarosi boshlanganidan buyon bunga munosabat ham bildirgani yo‘q. Biroq Guli brandi vakillaridan biri bo‘layotgan ushbu munosabat juda g‘azablanarli, deb aytgan.

Cipriani restoranidagi liboslar ko‘rgazmasiga kelgan ayrim tarafdorlar bu san‘at va ijod mahsuli ekani, uni siyosatga aralashtirmaslik zarurligini aytishgan.

Frans Press axborot agentligiga gapirgan tomoshabinlardan biri Karimova xonimning guruhi o‘ta qattiq bosim ostida qolishganini bildirgan.

"Bu siyosatga bog‘liq emas", deb aytgan u.

Shuningdek, tomoshabinning qo‘shimcha qilinishicha, modalar ko‘rgazmasini bir guruh ijodkorlar tayyorlashgan va bu chekka bir mamlakatdagi 60 insonning mashaqqatli mehnatini namoyon etadi.

Cipriani restoranidagi shouda ishtirok etgan ijodkorlardan biri esa: "Bu san‘at, ijod bilan bog‘liq. Bu odamlar aslida yoshlarni yaratuvchanlikka ilhomlantirishadi", deb aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rosssiyada ham ayrim mashhur shaxslar Gulnora Karimova himoyasiga internetda fikr qoldirishgan.

Rossiyalik mashhur shaxslar qo‘shiqchi Filipp Kirkorov va mashhur teleboshlovchilar Twitterda Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlashlari haqida aytishgan.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bosimlari hamda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan foydalanishiga qarshi tashkil etilgan noroziliklar tufayli Gulnora Karimovning kollektsiyasi Nyu-Yorkdagi Modalar haftaligi dasturidan olib tashlangandi.

Shundan so‘ng, Gulnora Karimova liboslar va taqinchoqlardan iborat ijodi namunalarigi Nyu Yorkdagi anchayin hashamatli, biroq muayyan moliyaviy qiyinchiliklarga yuz tutgani aytilgan Cipriani restoranida o‘tkazishga majbur bo‘lgan.