Onalar va bolalar o‘limi: O‘zbekiston BMT ko‘zlagan maqsadlarga yetisha oladimi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Yangi tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, dunyodagi rivojlanayotgan davlatlardan aksariyati onalar va bolalar orasidagi o‘lim hollarini kamaytirish bo‘yicha Birlashgan Millatlar ko‘zlayotgan maqsadlarga erisha olishmaydi.

Tadqiqot natijalari nufuzli "Lanset" tibbiyot jurnalida chop etilgan.

Unga ko‘ra, Birlashgan Millatlarning Mingyillik Taraqqiyot maqsadlariga yetishishlari uchun jahonning aksariyat mamlakatlariga yana o‘ttiz yilcha kerak bo‘ladi.

Mualliflarning xulosalariga qaralsa, ushbu masalada ham qashshoq va badavlat davlatlar orasidagi ulkan farq saqlanib qoladi.

Xuddi shu manzarada O‘zbekistonda bolalar va onalar o‘limi bilan bog‘liq so‘nggi vaziyat qanday?

Biz bu haqda O‘zbekistonda maxsus loyihani amalga oshirayotgan Britaniyadagi HEALTHPROM nodavlat tashkilotidan doktor Ctyuart Britten bilan suhbatlashdik:

Styuart Britten: Biz bola dunyoga kelganidan so‘nggi 30 kun mobaynida ro‘y beradigan o‘lim hollari sohasida ish yuritganimiz uchun faqatgina shu borada ma‘lumotga egaman. Bizdagi ma‘lumotlar 2009 yilning oxiriga qadar va ularga muvofiq ijobiy o‘zgarishlar bor. 2003 yili UNICEF O‘zbekistonda tug‘ilganidan sal o‘tmay olamdan o‘tgan chaqaloqlarning aksari normal tug‘ilgan va normal vazndagi chaqaloqlar ekanligi haqida hisobot chiqarganidan so‘ng, sog‘liqni saqlash rasmiylari bizga murojaat qilishgandi. Ya‘ni bu chaqaloqlar biron favqulloda sabab bo‘lmasa olamdan o‘tishlari kerak emasdi. Bundan tashqari bu o‘limlarning ko‘pi tun davomida ro‘y berganligi ham ayon bo‘lgan. Xullas, muammo mavjudligi namoyon bo‘lgach, bizning mutaxassislarimizdan ko‘mak so‘raldi. Shunday qilib, 2004 yildan beri biz shu sohada turli treyninglar o‘tkazib kelmoqdamiz.

BBC: 2003 yilda chaqaloqlar o‘limi yuzasidan ko‘rsatkichlar nima uchun yuqori bo‘lganligi sabablari aniqlanganmi?

Styuart Britten: Yo‘q, tadqiqotlar Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgandi. Biz u yerda faoliyat olib bormaymiz, biz asosan poytaxt Toshkentda ish yuritamiz. Lekin normal tug‘ilgan chaqaloqlarning va tun mobaynida yuz bergan o‘lim hollari hech kimni xavotirga solmay qo‘ymasdi va bu holat rasmiylarda ham tashvish uyg‘otgan.

BBC: O‘shandan beri nimalar o‘zgardi?

Styuart Britten: Birinchidan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni jonlantirish sohasida treyninglar o‘tkazildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish sohasida qator loyihalarni amalga oshirdi.

BBC: Yaqinda yosh bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bo‘yicha chiqarilgan hisobotda O‘zbekiston yuqori, ya‘ni 9-o‘rinni egallagandi, sizning ham nazaringizda shundaymi?

Styuart Britten: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari orasida bu sohada ko‘rsatkichlari, albatta, yuqori. Lekin jahon miqyosida qanday o‘rinda ekanligini men uchun aytish qiyin. Lekin yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish va parvarish qilish sohasiga e‘tibor qaratishga harakat qilinmoqda. Osiyo Taraqqiyot Banki ham bu sohadagi loyihalarga kredit ajratgan. Jahon Banki tomonidan ajratilgan mablag‘dan ham tug‘ruqxonalarni ta‘mirlash va jihozlash uchun foydalanilgan. Lekin O‘zbekiston kabi Yalpi Yillik Ichki Mahsulot Ishlab chiqarish darajasi u qadar yuqori bo‘lmagan mamlakatning rivojlangan davlatlar darajasida sog‘liqni saqlash sohasiga mablag‘ sarflashini kutish qiyin.