O‘zbekistonda propiska va chiqish vizasini bekor qilishi talabi OXHTga olib chiqildi

Image caption O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, har bir fuqaro istagan joyida yashay oladi, amalda esa Toshkent darvozalari viloyatliklar uchun yopiq.

Toshkentdagi "Ekspert" guruhi O‘zbekiston fuqarolari uchun chiqish vizasi va propiska tizimini bekor qilish talabini ilgari surdi.

Varshavada o‘tayotgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi uchrashuvda bu borada bayonot bilan chiqqan guruhga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqarolarning erkin harakatlanishini cheklovchi tartiblar so‘nggi paytlari yanada qiyinlashgan.

"Chiqish vizasi olish tartibi qat‘iylashdi" - deydi Polshaga borgan "Ekspert" guruhi rahbari Suhrob Ismoilov - "O‘tgan fevralda shifokorlarning chet elga chiqishlari cheklandi. Yoshi 35ga yetmagan ayollar va bolalarning chiqish vizasi olishi qiyinlashdi".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bu jarayon nafaqat uzoq vaqt oladi, balki inson sha‘nini ham yerga uradi.

"Yosh ayollar ota-onasi, eri va yoki akasi ishtirokida maxsus idoralarda suhbatlardan o‘tib, keyin "borgan joyimda fohishalik qilmayman" degan mazmunda xat yozib berishlari kerak" - deydi Suhrob Ismoilov - "Inson savdosiga qarshi bundayin tahqiromo‘z yo‘lda kurashmaslik kerak va uni bekor qilish lozim".

"Eskpert" guruhi, shuningdek, propiska tizimi ham bekor qilinishini talab qilgan.

Sovet davridan qolgan bu tartib tufayli O‘zbekiston fuqarolarining o‘zlari istagan shaharda ishlash, yashash, bolalarini maktabga berish va tibbiy xizmatdan foydalanishlari ulkan muammoga aylangan.

Cheklovlardan kimga nima naf?

Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi yillari O‘zbekistonda oilasini boqishda qiynalib qolgan tajribali shifokorlar xorijiy yurtlarga keta boshlashgani bois shifokorlar harakatlanishini cheklashga qaror qilingan bo‘lishi mumkin.

Propiska esa, mazmuman mamlakat konstitutsiyasga zid amal ekani, har bir O‘zbekiston fuqarosi bu mamlakatning istagan shahrida ishlash va yashash huquqiga ega ekani urg‘ulanadi.

Chiqish vizasi borasida gapirarkan, Suhrob Ismoilov bu bilan O‘zbekiston o‘z fuqarolarini nazorat qilishni istashini aytadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, chet ellarga borib, erkin jamiyatlarni ko‘rib, fikrlashi o‘zgarib keladigan o‘zbeklarni joriy tuzum o‘zi uchun xavf sifatida ham ko‘rishi mumkin. Har ikki yilda yangilanishi shart bo‘lgan chiqish vizasi esa fuqarolarni davlat idoralariga bog‘lab qo‘yadi.

"Hozir dunyodagi ko‘plab davlatlar bu kabi cheklovlarni bekor qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston ularni yanada kuchaytirmoqda" - dedi Suhrob Ismoilov.

So‘nggi yillari O‘zbekiston hukumatini tanqid qilgan inson huquqlari faollari va qator mustaqil jurnalistlar chet elga borish uchun chiqish vizasi ololmagan holatlar bo‘lgan.

Shuningdek, mazkur cheklovlar tufayli odamlar katta miqdorda pul berib, ishlarini bitkazishga intiladilar. Ba‘zi hollarda chiqish vizasini olish bir necha yuz dollar bo‘lsa, propiskadan o‘tish bir necha ming dollarga yetadi.

"Ekspert" guruhi bu bilan O‘zbekistonda fuqarolar harakatlanishi qanchalik qattiq cheklanganini Ovro‘po hamjamiyatiga ma‘lum qilib, shu asosda kelajakda ularning bekor bo‘lishiga erishish maqsadini aytadi.