Qozog‘istondan qaytarilgan O‘zbekiston fuqarolariga hukm o‘qilgan

Qozog‘istondan ekstraditsiya qilinib, turli yillik qamoq jazolariga hukm etilgan O‘zbekiston fuqarolarining mahkama tafsilotlari oshkor bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar tarqatgan.

Guruhga ko‘ra, Surxondaryoda 43 yoshli Boltayev Ahmad 15 yilga, Toshkent viloyatining Qibray tumanida Qobiljon Qurbonov 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sirdaryo viloyatida esa, Fayzullaxon Akbarovni 5 yillik qamoq jazosi berish yuzasidan hukm chiqarilgan.

Mahkamalar ularni taqiqlangan diniy tashkilotga a‘zolik, jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materialarni tayyorlash-tarqatish, O‘zbekistonning konstitutsion tuzumiga tajovuz qilishda aybdor deb topgan.

Fayzulloxon Akbarovning onasi Rahima Akbarova BBC bilan suhbatda o‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlar birontasi ham mahkama jarayonida isbotini topmaganini aytdi.

"Sud Sirdaryo viloyati Guliston shahrida bo‘ldi. 17 sentyabr kuni oxirgi sudi bo‘ldi. Man o‘zim o‘sha yerda ishtirok etdim. Ochiq sud bo‘ldi. Lekin, isbotini, dalilini topadigan hech narsa bo‘lgani yo‘q", deydi Rahima Akbarova.

Rahima Akbarovga ko‘ra, o‘g‘liga nisbatan ayblovlar 2009 yillarda Qirg‘izistonda Boltayev Ahmad bilan tanishib qolgani va qisqa muddat undan arab grammatikasini o‘rgangani asosida qo‘yilgan.

"Man o‘zim savdogarchilik bilan ko‘p shug‘ullanganman. U yoq bu yoqlarga qatnaganman. Bolam o‘zimga yordamlashib yurgan. Shu vaqtda bozorda tanishib qolishgan. Arab grammatikasini yaxshi bilgani uchun bu odamdan ozgina saboq olgan. Qo‘yilgan ayblov shu, boshqa hech qanday ayblov yo‘q", deydi 5 yil ozodlikdan mahrum etilgan Fayzulloxon Akbarovning onasi.

Rahima Akbarovaga ko‘ra, o‘g‘li 2009 yilda Qozog‘istonga qochib o‘tgan: "Qonunsiz hatti-harakat qiladigan insonlarning orqasidan tazyiq yeganidan keyin majbur bo‘lib chiqib ketadi".

O‘zbekistondagi diniy ta‘qiblardan qochib, Qozog‘istonda boshpana so‘ragan 29 nafar qochqin xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining xavotirlariga qaramay, iyun oyining boshida vatanlariga majburan qaytarib yuborilgandi.

Qozog‘iston hukumatining ushbu qarori xalqaro tashkilotlar tomonidan qattiq qoralandi.

Human Rights Watch va Xalqaro Amnistiya qochqinlar O‘zbekistonda qiynoqqa tutilishidan xavotir bildirgandi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди